O‘zbekistondagi aeroport, vokzal va sayyohlar gavjum joylarda xorijiy mamlakatlar fuqarolari uchun maxsus planshetlar ijarasi yo‘lga qo‘yildi, deya xabar bermoqda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati.
Xabar berishlaricha, planshetlar aeroport va vokzallarning kutish zallarida sayyohlarning murojaatlariga ko‘ra berilmoqda. Qurilmalarga O‘zbekistonga sayohat qilayotgan turistlar uchun zarur bo‘lgan barcha mobil ilovalar yuklangan.
Davlat qo‘mitasining eslatishicha, 2018-yilda O‘zbekistonga kelgan mehmonlar qulayligi uchun aeroport, vokzal va sayyohlar gavjum bo‘ladigan joylarda rouming xizmati muqobili sifatida ishlab chiqarilgan maxsus sim-kartalar sotuvi yo‘lga qo‘yilgan edi.
“Bundan tashqari, kelgusida sayyohlarga telefon apparati va mobil router ijaraga berish xizmati ham yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan”, — deyiladi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi axborotida.