Joriy yilning 9-avgust kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Sherobod tumani sudi binosida “Angor paxta tozalash” AJ direktori Toshtemir Xolboyevga nisbatan 167-moddasi 3-qismi “a,v” bandlari va 209-moddasi 2-qismi “a,b” bandlari bilan ochilgan jinoiy ish o‘rganib chiqildi, deya xabar beradi “Xalq so‘zi”.
Ma’lum bo‘lishicha, sudlanuvchi Toshtemir Xolboyev “Angortozalash” AJ bosh direktori vazifasida ishlab, “PK-17” qabul varaqasi va “7-XL” shaklidagi paxta xarajatini hisobga olish daftarlarining tegishli qismini qalbakilashtirgan holda, paxta xomashyosi uchun to‘lovni amalga oshirishga asos bo‘luvchi rasmiy hujjat sifatida bankka taqdim etgan. Shu orqali 1 894,4 tonna paxta xomashyosi uchun fermer xo‘jaliklarining hisob-raqamlariga 2 406 863 000 so‘m o‘tkazishga erishgan.
Jinoiy ish hujjatlari dalil asosida o‘rganilib, Toshtemir Xolboyev O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 167-moddasi 3-qismining “a” bandi bilan Jinoyat kodeksining 45-moddasida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda ayblandi va unga nisbatan 1 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik ishlarida ishlash huquqidan mahrum qilish, 2 yil 6 oy muddatga axloq tuzatish ishlari (ish haqining 30 foizini davlat daromadiga ushlab qolish sharti bilan) jazosi tayinlandi.
Izoh (0)