Mustaqillik bayrami har yili O‘zbekistonda, Toshkent shahrida o‘ziga xos tayyorgarlik, turli ma’rifiy, madaniy-ko‘ngilochar tadbirlar ila tantana qilinadi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati xabar qiladi.
Jumladan, bu yil ham O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 28 yilligi arafasida istiqlolni tarannum etadigan eng yaxshi qo‘shiq va musiqa asarlarini aniqlashga qaratilgan “Yagonasan, muqaddas Vatan!”, shuningdek, “Eng ulug‘, eng aziz”, “Ranglar jilosida — ona diyor”, “Vatan uchun yashaylik!” kabi an’anaviy ko‘rik-tanlovlar tashkil etildi.
Mazkur bayram munosabati bilan Toshkent shahar hokimligi va boshqa qator tashkilotlar hamkorligida mehnat jamoalarida, mahallalarda, ta’lim muassasalarida “Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon!” g‘oyasi ostida uchrashuvlar, jonli muloqot va suhbatlar, adabiy-badiiy kechalar, madaniy tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Ushbu tadbirlar istiqlol davrida erishilgan yutuqlar, O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlar samaralarini o‘zgarish va yangilanishlar sarhisobi sifatida tashkil etilmoqda. Bugungi kungacha shahar bo‘ylab 400 ga yaqin ana shunday madaniy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi. Poytaxtdagi 508 ta mahalla guzari, bog‘ va maydonlarda, 35 ta oliy o‘quv yurtining hududida va mingdan ortiq korxona, tashkilot, muassasalarda bayram sayillari davom etadi.
Shuningdek, mustaqillik bayrami munosabati bilan 11 ta tuman markazlarida hamda barcha istirohat bog‘larida xalq sayillari o‘tkaziladi.
Toshkent shahrida o‘tkaziladigan bayram tadbirlarida mushakbozlik tomoshalari ham bo‘lib o‘tadi.
Izoh (0)