Olmazor tumani hokimi o‘rinbosari Abdurasul Vahobov va “Kun.uz” sayti o‘rtasidagi mojaro jamiyatda jiddiy bahslarni keltirib chiqardi. Jurnalistlar, blogerlar, faol internet foydalanuvchilari bu vaziyatda “Kun.uz” vakillarining tomonini yoqlab chiqdi. Lekin “narigi” tomonni himoya qilganlar yoki o‘rtada turib, betaraflik saqlashga uringanlar ham yetarli bo‘ldi. Tafsilotlarni o‘tgan hafta dayjestidan topishingiz mumkin.

Tahririyatimizga jurnalist Rahimjon Mahkamovning shu mavzudagi maqolasi kelib tushdi. Unda muallif, yuqorida aytganimizdek, “o‘rtaliq”ni topishga urinadi. Maqoladagi ko‘pgina fikrlar bahsli, ayrimlari internet ahlining e’tiroziga ham sabab bo‘lishi mumkin. Shunga qaramay, “Daryo” ochiq minbar sifatida har qanday nuqtai nazarni o‘quvchilariga yetkazishga tayyor. O‘qib xulosa qilish esa har kimning o‘zidan.

G‘irt mashmasha. Olmazor tumani hokimi o‘rinbosari Abdurasul Vahobov “Kun.uz” sayti tasvirga olish guruhiga tegishli kamera shtativini sindirdi, intervyu berishdan bosh tortdi va jurnalistga hamla qildi. Tarmoq “portlab” ketdi: matbuot erkinligi qani? OAVning axborot olishga bo‘lgan huquqining himoyasi qani? hokim o‘rinbosari daf bo‘lsin! arizasini yozib qo‘ysin!

Foto: Google Photos

Barcha blogerlar amaldorga qarshi oyoqqa qalqdi, shuningdek, jamiyatning ilg‘or va “ilg‘or” qatlamlari ham. Garchi ular, hokim o‘rinbosarining vaj-korsonlariga ishonadigan bo‘lsak, mashmashaning deyarli jinoiy muqaddimasi bo‘lganidan bexabar bo‘lsa-da, harholda amaldorga qarshi oyoqqa turdi.

Aslida xaloyiq orasida gap-so‘zlarni battar urchitgan narsa ham shu. Ya’ni Vahobov hokimiyatning matbuot xizmati qarshisida “tazarru” qildi va videolavha Youtube’ga joylandi. Undan ma’lum bo‘lishicha, “Kun.uz” muxbiri R. Isroilov avval ham bu amaldorga bir “nozik masala” yuzasidan murojaat qilganmish. Ya’ni, emishki, jurnalist bu amaldordan o‘ziga yer maydoni ajratib berilishini va bu yerning bir qismini keyinchalik o‘z tanishiga restoran (to‘yxona) qurish uchun berib yuborishini aytgan ekan.

Buning nima ekanini hammamiz yaxshi bilamiz. Go‘yoki amaldor, mo‘maygina pul va’da qilinganiga qaramay, ushbu “tijoriy” taklifni rad etgan. Shunga ko‘ra, tasvirga olish jarayonida bo‘lib o‘tgan janjalni ham o‘sha “taklif”ning rad qilinganiga nisbatan o‘ch olish deb qarashimiz kerak ekan. Xo‘sh, endi kimni nima uchun va qanday javobgarlikka tortish kerak? Bu haqda shu masalalar bo‘yicha vakolatli kishilar bosh qotirgani ma’qul. AOKA allaqachon hokim o‘rinbosarining xatti-harakatlarini qoralab chiqdi. “Kun.uz” muxbirining tashabbusiga binoan ishga prokuratura ham qo‘shilishi kerak edi.

Mohiyatan, bu voqea mamlakat mediamaydonini qoplab olgan yalpi xayp sharoitida “to‘rtinchi hokimiyat” va ijro hokimiyati orasidagi o‘zaro munosabatlar xarakterining yana bir yorqin misoli o‘laroq katta sahnaga chiqmoqda. Jarayonda qonun doirasidagi konstruktiv dialog yoki xolis tanqidga joy qolmagandek go‘yo. Chunki ikkala taraf ham o‘zini bunga mos tutayotgani yo‘q. Bu o‘sish kasalligi. Mamlakat o‘zgarmoqda, biroq amaldorlarning va, shuningdek, jurnalistlarning ham ongi birdaniga o‘sishini kutish soddalik bo‘lgan bo‘lardi. Bunga vaqt kerak. Lekin baribir...

Men hech qachon jurnalist etikasi kodeksi va shunga o‘xshash mass-media vakillarining xatti-harakatlarini me’yorlashga qaratilgan qandaydir aql o‘rgatuvchi hujjat qabul qilinishiga tarafdor bo‘lmaganman. Buning uchun boshqa mexanizmlar mavjud. Bunga o‘xshash tashabbuslar esa o‘z mutaxassisligiga nisbatan quruq oliftagarchilik hamda beparvolik kayfiyatida qarovchilardan chiqsa kerak. Chunki boshqa kasblarning nimasi yomon unda? Geologning, pedagogning, avtochilangarning, bastakorning, olisga yuk tashuvchi haydovchining va hokazolarning etika kodeksi haqida hech eshitganmisiz? Mana men ham hecham eshitmaganman. Alaloqibat xulq-atvor eng avvalo tarbiya sifatiga ko‘ra shakllanadi, tarbiya esa u yoki bu kasbdagi tor mutaxassisliklarga mutlaqo aloqasi bo‘lmagan boshqa omillar ta’sirida olinadi. Balki endilikda o‘sha etika kodeksiga eng ashaddiy qarshi bo‘lganlar ham o‘zidan shubhalanib qolgan bo‘lsa kerak. Ehtimol, bu narsa bizning jurnalistlar uchun haqiqatan ham foydali va zaruriy narsa bo‘lib, endi usiz ish yurmay qolgan bo‘lsa-chi?

O‘zbekiston mediamaydonidagi bir necha haftalik kuzatishlarimning o‘ziyoq shunday fikr uyg‘otmoqdaki, milliy matbuotimiz (ayniqsa internet manbalar) o‘ziga berilgan so‘z erkinligidan emas, balki “istagingni qil” qabilidagi holatdan “junbishga” kelyapti, bu esa OAVni muayyan qoidalar doirasiga solib qo‘yishga qaratilgan yangi tashabbuslar foydasiga xizmat qilmoqda.

Masalan, Xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan qilingan tashabbuslar va ular ortidan qancha shovshuv ko‘tarilganini eslash kifoya (ko‘pchilik uchun o‘sha tashabbuslar qanchalik noma’qul ko‘ringan bo‘lmasin, hozir gap bu haqda emas). O‘sha shovshuvlar amalda yelkasida nafaqat kimlarningdir fikricha kalta o‘ylangan bayonotlar, balki  jamiyatga foydali bo‘lgan ko‘plab loyihalar va odamlarning foydasi uchun qilingan muttasil, lekin pinhona mehnat yuki bo‘lgan amaldorni ochiqchasiga obro‘sizlantirishga aylanib ketdi. O‘shanda hurmatga loyiq mutaxassisning ko‘p yillik vrachlik va rahbarlik faoliyatini birov eslamadi ham. Chunki istalgan narsani kulgiga olish osonligidan avvaliga xolis boshlangan munozara juda tezlik bilan beto‘xtov haqoratlar oqimiga aylanib ketdi.

Ha, xayp hazrati oliylari mamlakat bo‘ylab zafarli odimlamoqda. Shuningdek, internetda atigi bir juft shubhali qayd yoki shovshuvli rolik qoldirib qo‘yganlardan eng erinchoqlarigina o‘zini professional bloger deb hisoblamayapti xolos. Shuning uchun ham davlat manfaatlari nuqtai nazaridan kelib chiqib yoki shuni vaj qilib ko‘rsatib vaziyatni nazoratga olishni istayotganlardan va ijtimoiy tarmoqlarda o‘zicha mustaqil kontent joylayotganlarning jilovini tortib qo‘yishga urinishlardan ajablanish to‘g‘rimi? Bunday choralarning “bolta usuli”da amalga oshirishga urinilishi esa (blogerning izohlar uchun javobgarligi singari) yana o‘sha xayp uchun bahona bo‘lmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, matbuotga qarshi navbatdagi taqiqlar joriy qilinishiga turtki bermoqda. Shu tariqa, hammasi boshi berk ko‘chaga kirib qolyapti, aylana bekilmoqda. Aniqrog‘i, spiral yangitdan buralmoqda. Lekin uning har bir navbatdagi aylanishi milliy mediamuhitimizni qayoqqa yetaklab ketmoqda?

“To‘rtinchi hokimiyat” va ijro hokimiyati orasidagi murosa qonunchilik bazasi va huquqiy amaliyot orqali aniqlanishi kerak. O‘zbekistonda bu boradagi qonunchilikka gap bo‘lishi mumkin emas; biroq huquqiy amaliyot borasida muammolar bor. Ayniqsa huquqlarning amalga oshirilishda hammaga bir xil imkoniyat yo‘qligiga jamiyat guvoh bo‘lib turgan zamonda, masalan, uylarning buzilishi bilan bog‘liq holatlar orqali bunday muammolar yanada yaqqol ko‘zga tashlanmoqda.

Yangi ma’lumotlarga ko‘ra, bo‘lib o‘tgan voqealardan keyin O‘zbekistonda davlat idoralari xodimlari etika bo‘yicha kurslarni o‘tashga majbur qilib qo‘yilar ekan. Bu boradagi hukumat qarori loyihasi allaqachon e’lon qilindi. Boshqaruvchilarni professional etikaning o‘ziga xosliklar bilan tanishtirishadi, davlat xizmatchilarini esa fuqarolar bilan mojaroli vaziyatlarni hal qilish hamda matbuot bilan qonun doirasida muloqot qilish bo‘yicha o‘qitishadi.

Ular bu qoidalarni o‘zlashtirishmagunicha Olmazordagi singari hodisalar takrorlanaveradi. Bunisidan keyin yana boshqa amaldor va jurnalist o‘rtasidagi navbatdagi mashmasha paydo bo‘laveradi. Hammaning ko‘z o‘ngida ochiqchasiga “razborkalar” paydo bo‘ladi. Milliy mediamaydonda esa, hech kimga yangilik bo‘lmay qolgan, hammaga odatiy bo‘lib qolgan xayp yana boshlanadi. Ko‘p narsa bo‘ladi. Odamlarga gap bo‘lsa bo‘ldi...

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin.