O‘zbekistonda sayyohlarga yanada qulaylik yaratish maqsadida mehmonxona, aeroport, temir yo‘llari va avtovokzallar hududida internet tezligi soniyasiga 4 megabaytdan kam bo‘lmagan Wi-Fi tarmog‘i o‘rnatiladi. Bu haqda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati xabar beradi.
“Bugungi kunda raqamli texnologiyalar turistlarga butun dunyo bo‘ylab dadil va erkin sayohat qilish imkonini bermoqda. Sayyohlar birgina tugmani bosish orqali muloqot qilishi, bir joydan ikkinchisiga ko‘chishi, to‘lov amalga oshirishi yoki boshqa qiziq narsalarni topishi mumkin. Buning uchun esa, albatta, internet tarmog‘i zarur. Shunday ekan, internetga kirish sayyohning taassurotlarini yaxshi yoki yomon tomonga o‘zgartira oladi”, — deyiladi xabarda.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida turizm sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan mehmonxonalarni butunjahon Internet tarmog‘iga kirish, jumladan, 4 mb/s’dan kam bo‘lmagan tezlikdagi simsiz Wi-Fi bilan ta’minlashga doir talablarni kiritish ko‘zda tutilmoqda.
Shuningdek, hujjatga muvofiq aeroportlar, temir yo‘llari va avtovokzallar hududi ham soniyasiga 4 megabaytdan kam bo‘lmagan tezlikdagi simsiz Wi-Fi bilan ta’minlanadi.
Mazkur qadam turistik “aqlli shahar”ni yaratish bosqichlaridan birinchisi hisoblanadi. Bu yerda yuqori texnologiyalar infratuzilma va xizmatlarni yaxshilash hamda mahalliy iqtisodiyotni rag‘batlantirish yo‘lida xizmat qiladi.
Izoh (0)