O‘zbekiston Respublikasida turizm sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi Prezident farmoni qabul qilindi.

Foto: Turizmni rivojlantirish qo‘mitasi matbuot xizmati

Farmonga muvofiq 2020-yil 1-yanvardan:

  • turizm faoliyati subyektlari va aviatashuvchilarning xorijiy mamlakatlardan O‘zbekistonga charter reyslarini tashkil qilish bo‘yicha xarajatlarining bir qismi har bir xorijiy turist uchun, u respublika hududida kamida besh kecha tunab qolgan taqdirda 20 AQSh dollari, qish mavsumida (20-noyabrdan 20-fevralgacha) esa 50 AQSh dollari miqdorida qoplab beriladi;
  • xorijiy kinokompaniyalarning O‘zbekiston hududida audiovizual mahsulotlar (kino, tele va videofilm, klip, multfilm, animelar) yaratishdagi xarajatlarining bir qismi (“rebate”) bitta mahsulot uchun 300 ming AQSh dollaridan oshmagan miqdorda qoplab beriladi;
  • O‘zbekistonning tarixiy va afsonaviy shaxslari to‘g‘risidagi to‘liq metrajli badiiy, qisqa metrajli badiiy, xronikal hujjatli filmlarni suratga olish uchun 3 milliard so‘mdan oshmagan miqdorda grantlar ajratiladi;
  • tadbirkorlik subyektlarining respublika hududlarida (Toshkent shahridan tashqari) chet el taomlariga yoki alohida yo‘nalishga ixtisoslashtirilgan mavzuli ovqatlanish shoxobchalarini, shuningdek, “karaoke” zallari va turistik ko‘ngilochar muassasalarni tashkil etish xarajatlarining bir qismi har bir loyiha uchun 10 million so‘m miqdorida qoplanadi;
  • tasdiqlanadigan ro‘yxat bo‘yicha moddiy madaniy meros obyektlari hududlariga 5 tonnadan yuqori vaznga ega katta hajmli avtotransport vositalarining kirishiga cheklov qo‘yiladi;

UNESCO ro‘yxatiga kiritilgan madaniy meros obyektlari va davlat muhofazasiga olingan yodgorliklar hududida faqat O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan suvenir mahsulotlari sotiladi.