11-avgust kuni Gruziyaning Tbilisi shahrida O‘zbekistonning gastronomik taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati xabar beradi.
Tadbirda 1000 nafarga yaqin kishi ishtirok etdi. Taqdimot marosimiga turli millat vakillari, shu jumladan, gruzin, ozarbayjon, turk, arman, qozoq, rus va arab millatiga mansub kishilar tashrif buyurdi.
Gastronmik taqdimot davomida yig‘ilganlarga 1000 ta manti, 500 ta xinkali va 500 kilogram palov tayyorlab tarqatildi. Shu bilan birga, O‘zbekistondan olib borilgan shirinliklar ham tarqatildi.
Ayniqsa, Gruziya xinkalisi va o‘zbek mantisi o‘rtasidagi “bellashuv” mahalliy aholi hamda mehmonlar yodida saqlanib qoladigan bo‘ldi. Unda O‘zbekistonning manti taomi g‘olib bo‘ldi. Shu bilan birga, tbilisiliklar O‘zbekistonning mashhur milliy taomlaridan tortib to sharqona shirinliklar mazasigacha tatib ko‘rishga muvaffaq bo‘ldi.
Bundan tashqari o‘zbek va gruzin xalqining musiqiy chiqishlari yig‘ilganlarga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishlab, barchani raqsga chorladi.
Eslatib o‘tamiz, ushbu tadbirlar Toshkent—Tbilisi—Toshkent to‘g‘ridan to‘g‘ri muntazam aviareysining ochilishi sharafiga o‘tkazilmoqda. Mazkur taqdimotni o‘tkazishda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi qo‘llab-quvvatlashi barobarida Gruziyadagi o‘zbek diasporasi hamda O‘zbekistonning Gruziyadagi elchixonasining hissasi katta bo‘ldi.
Izoh (0)