Ijtimoiy tarmoqlarda yo‘l chetida tez tibbiy yordam mashinasi shifokorlari bilan sodir bo‘lgan mushtlashuv aks etgan videolavha tarqaldi. Sog‘liqni saqlash vazirligi mazkur holat bo‘yicha o‘rganish ishlarini olib bordi.

Foto: “UzNews”

Ma’lum bo‘lishicha, videolavhada aks etgan tez tibbiy yordam brigadasi SSV tizimiga qarashli bo‘lmagan.

“Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, hozirgi paytda poytaxtdagi 12 ta tez tibbiy yordam bo‘limlarida 179 ta tez tibbiy yordam brigadasi shtat rejimida tun-u kun ishlab turibdi va sutkasiga o‘rtacha 3 mingta murojaat bo‘yicha xizmat ko‘rsatmoqda”, — deyiladi vazirlik xabarida.

Dastlabki tekshiruvlarga ko‘ra, videoyozuvdagi xodimlar va mashina xususiy tibbiyot muassasasiga tegishli tez tibbiy yordam brigadasiniki ekanligi aniqlangan. Vazirlik o‘z vakolati doirasida mazkur holatni o‘rganib, tegishli choralarni ko‘rishi va bu haqda qo‘shimcha ma’lumotlar berilishini ma’lum qilgan.