Respublika bo‘ylab oliy o‘quv yurtlariga kirish imtihonlari davom etmoqda. 13-avgust, seshanba kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida bo‘lib o‘tgan brifingda 12-avgust kungi test natijalari ma’lum qilindi. Bu haqda agentlik saytida xabar berildi.

Foto: Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi

Ma’lumotlarga ko‘ra, test sinovlarida jami 32 555 abituriyent ishtirok etishi kerak bo‘lgan, biroq imtihonga 31 ming 565 nafar abituriyent kelgan. 972 nafar abituriyent turli sabablarga ko‘ra test sinovlarida ishtirok etmagan. 5 nafar abituriyent hududga kirishda, 13 nafari esa binoda qoidaga xilof harakatlar aniqlangani uchun chetlatilgan.

Bu yilgi test imtihonlarida yosh cheklovi bekor qilingani sabab, nuroniylar ham talaba bo‘lish umidida oliy o‘quv yurtlariga hujjat topshirgan. DTM taqdim etgan ma’lumotlarga qaraganda, 25 yoshdan kichik abituriyentlar — 862 977 nafar; 25—30 yosh oralig‘ida — 103 276 nafar; 40—50 yoshlilar — 14 014 ta; 50 yoshdan kattalar — 672 nafarni tashkil etadi.