Germaniya kansleri Angela Merkel 2021-yili Bundestagda bo‘lib o‘tadigan navbatdagi saylovlardan so‘ng, siyosat bilan faol ravishda shug‘ullanish niyatida emasligini ma’lum qildi, deb xabar beradi “Korrespondent.net”.

Foto: EPA

“Ha, endi faol siyosiy lavozimlarni egallashni xohlamayman. Albatta, men siyosiy odamligimcha qolaman, biroq siyosat bilan faol shug‘ullanmayman”, — deydi Merkel.

Kanslerning ta’kidlashicha, u bu ishni hatto Yevropa Ittifoqi darajasida ham qilish niyatida emas. “Yevropa Ittifoqidagi barcha o‘rinlar taqsimlab bo‘lindi”, — deydi kansler.

Tarmoqlarda bunga qadar bir necha marta Angela Merkelning uchrashuvlar chog‘ida mazasi qochib qolgani tasvirlangan videolar tarqalgan edi. Xususan, iyun oyida Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan uchrashuv vaqtida Merkelni qaltiroq tutgandi.