Navoiy shahri savdo nuqtalaridan olingan Qiziltepa tumanida joylashgan “Jonpo‘lat Javohir kelajagi” korxonasi tomonidan ishlab chiqarilgan “Bio Kefir” mahsulotida mavjud kamchiliklar bartaraf etildi. Bu haqda “O‘zstandart” agentligi matbuot xizmati “Daryo”ga xabar qildi.
“O‘zstandart” agentligi mutaxassislari tomonidan o‘tkazilgan profilaktika tadbirlari davomida Navoiy shahri savdo nuqtalaridan olingan Qiziltepa tumanida joylashgan “Jonpo‘lat Javohir kelajagi” korxonasi tomonidan ishlab chiqarilgan “Bio Kefir” mahsuloti yorlig‘ida ishlab chiqarilgan sanasi ko‘rsatilmaganligi va boshqa mahsulotga tegishli standart belgisi qo‘yilganligi, shuningdek, ushbu mahsulotni laboratoriyada sinovdan o‘tkazilganda sifat ko‘rsatkichlari O‘Z DST 1086:2011 TSh talablariga javob bermasligi ma’lum bo‘lgan edi.
Shundan so‘ng, ishlab chiqaruvchiga Agentlikning hududiy bo‘linmasi xodimlari tomonidan amaliy yordam ko‘rsatilib, mahsulotning ishlab chiqarishga oid me’yoriy hujjatlari (standart) hamda “Sut va sut mahsulotlarining xavfsizligi to‘g‘risida”gi texnik reglamentlar bilan ta’minlandi.
Tadbirkor tomonidan mavjud kamchiliklar bartaraf etilganidan so‘ng, ishlab chiqarilgan “Bio Kefir” mahsuloti Navoiy sinov va sertifikatlashtirish markazining sinov laboratoriyasida qayta sinovdan o‘tkazilganda sifat ko‘rsatkichlari standart talablariga mos kelishi ma’lum bo‘ldi.
Izoh (0)