8-avgust kuni O‘zbekiston parlamenti delegatsiyasi a’zolari Seul shahri meri Pak Von Sun bilan uchrashdi. Bu haqda jurnalist Jonibek Ma’rupov “Daryo”ga xabar bermoqda.
Uchrashuv chog‘ida Toshkent va Seul orasida do‘stlik aloqalari muhimligi ta’kidlandi. Ikki mamlakat poytaxtlari o‘rtasida ta’lim sohasida amaliy hamkorlik qilish, tajriba almashish yo‘lga qo‘yilgan. Bu borada tadbirlar o‘tkazilib, ikki shahar vakillarining o‘zaro tashriflari muntazam amalga oshirilmoqda.
Jumladan, Toshkent shahrida Seul bog‘i yaratilishi shaharlar o‘rtasida do‘stlik aloqalari rivojlanishining yana bir timsoli bo‘ldi. “O‘zbek xalqining samimiyligi va mehribonligi uchun minnatdorlik” memorial haykalining ochilishi esa ikki xalq o‘rtasidagi mustahkam birodarlikning yana bir ramzi bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston parlamenti delegatsiyasining Koreya respublikasiga tashrifi joriy yilning 9-avgustiga qadar davom etadi.