O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 31-iyuldagi farmoyishi bilan 2019-yilda jismoniy tarbiya va sport obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash bo‘yicha manzilli dasturi asosida 51 ta obyektda qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshiriladi. Bu haqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi xabar berdi.
Ularning 25 tasi yangi sport inshooti sifatida qad ko‘taradi, 21 ta mavjud sport majmuasida rekonstruksiya va 5 ta majmuada kapital ta’mirlash ishlari amalga oshiriladi.
Mazkur dastur Prezidentning hududlarga qilgan tashrifi davomida sport inshootlarini xalqaro tajribadan foydalangan holda va mamlakat tabiiy-iqlim sharoitlarini hisobga olib bunyod etish bo‘yicha bergan ko‘rsatmalariga asosan shakllantirildi. Xususan, davlat rahbari tomonidan energiya tejamkor, yengil konstruksiyali, sendvich panelli kichik sport zallari qurish vazifasi topshirilgan edi.
Joriy yilda ilk marotaba Jizzax viloyatining Forish, Samarqand viloyatining Nurobod, Toshkent viloyatining Bo‘ka, Toshkent, poytaxtning Uchtepa, Mirzo Ulug‘bek tumanlarida yengil konstruksiyali sendvich pannellari asosida yangi sport inshootlari quriladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasining Mo‘ynoq, Namangan viloyatining Chortoq tumanlarida yangi yopiq turdagi suzish havzalari bunyod etiladi. Navoiy viloyatining Xatirchi, Toshkent viloyatining Bo‘ka tumanlari hamda Sirdaryo viloyati Guliston shahridagi basseynlar kapital ta’mirlanadi.
2020—2024-yillarda respublikada bolalar va o‘smirlar sport maktablari, umumta’lim maktablarida sport obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash hamda ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risidagi tasdiqlangan hukumat qaroriga ko‘ra, 2020—2022-yillarda respublika bo‘yicha:
bolalar va o‘smirlar sport maktablarida jami 178 ta (2020-yil 46 ta, 2021-yil 52 ta 2022-yil 80 ta) sport obyekti quriladi, rekonstruksiya qilinadi va kapital ta’mirlanadi.
Umumta’lim maktablarida jami 52 ta yangi sport zali qurilib, yana 89 ta mavjud sport zali rekonstruksiya qilinadi.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @daryo_sport’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)