Kecha, 28-iyul kuni Xalqaro armiya o‘yinlarida ishtirok etish uchun Mudofaa vazirligining “Forish” tog‘ poligoniga kelgan xorijlik harbiy delegatsiya vakillari Buyuk ipak yo‘lining asosiy bo‘g‘inida joylashgan Samarqand shahrini ziyorat qildi, bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti “Daryo”ga ma’lum qildi.
Zamonaviy Samarqand — aholisining soni va hududining kattaligi, sanoat ahamiyatiga ko‘ra O‘zbekistonning Toshkentdan keyingi ikkinchi o‘rinda turuvchi shahri bo‘lib, jahon turizmining markazi bo‘lib qolmoqda.
Angola, Zimbabve, Rossiya, Ozarbayjon, Armaniston, Myanma hamda Vyetnamdan kelgan mehmonlar dastlab Registon ansamblidan o‘rin olgan me’moriy majmualar bilan tanishdi. Shundan so‘ng ular Shohi Zinda majmuasi hamda Bibixonim madrasasini ziyorat qildi.
Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi va Go‘ri Amir maqbaralarida bo‘lgan mehmonlar hayratda qoldi.
Registon — qadimiy ilm, ta’lim muassasalari joylashgan joy bo‘lib, sharqdagi shahar qurilishi san’atining eng ko‘zga ko‘rinarli namunalaridan biri hisoblanadi. 2001-yilda bu uch madrasa UNESCO’ning butun dunyo yodgorliklari ro‘yxatiga kiritilgan. Registon maydoni — tarixda shaharning ilm-fan, siyosat va diniy markazi bo‘lgan. “Registon” so‘zi “qumloq joy” degan ma’noni anglatadi.
Sayohat yakunida tanovul qilingan samarqandcha palov mazasi mehmonlarda unutilmas taassurot qoldirdi.
Izoh (0)