Kunning issig‘ida kassalarda navbatda turib, talashib-tortishishdan bezor bo‘lganlarga ko‘rsatiladigan servis xizmatlari sifatini oshirish uchun “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” aksionerlik jamiyati bir qator ishlar olib bormoqda. Bu haqda O‘zA xabar qiladi.
“Toshkent markaziy” hamda “Toshkent janubiy” temiryo‘l vokzallari chiptaxonalariga o‘rnatilgan elektron navbat, monitor, elektron tablo shular sirasidandir.
Endilikda vokzalga kelgan yo‘lovchi elektron navbat olib, zalga o‘rnatilgan monitorlarni kuzatib, bemalol o‘tirishi mumkin, – deydi “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” aksionerlik jamiyati matbuot kotibi Mirza Murotov. – Qo‘lidagi raqam monitorda ko‘rinishi bilan chipta xarid qilish uchun kassaga keladi. Qisqa fursatda biletni olib ketadi. Bu birinchi galda, kassalar oldida uzundan uzun navbatga turish va turli xil tushunmovchiliklarning oldini olsa, ikkinchidan operatorlarni yo‘lovchilarga sifatli va tez xizmat ko‘rsatishini ta’minlaydi. Axir, tepasida odamlarni g‘ala-g‘avur qilib, orada turli savollar bilan murojaat qilib turishi xodimlarimizni ishiga salbiy ta’sir qilardi.
Yo‘lovchilar kutish vaqtida bekor o‘tirmay, chiptaxona zaliga o‘rnatilgan elektron tablodan “O‘zbekiston temir yo‘llari” jamiyatini veb-saytiga kirib, poyezdlarni harakat jadvali va boshqa ma’lumotlarni olishi mumkin.
Yana bir muhim yangilik, “Toshkent markaziy” temiryo‘l vokzali chiptaxona zalida o‘rnatilgan katta ekranda qaysi poyezdga va qaysi vagonda qancha chipta borligi aks etib turadi.
Ayni vaqtda chiptaxonalarga o‘rnatilgan mazkur elektron uskunalar sinov tariqasida ishlatilmoqda. Kelajakda bunday qulayliklar mamlakatning barcha hududlaridagi temiryo‘l vokzallarida joriy qilinishi kutilmoqda.
Izoh (0)