“Barselona” hujumchisi Lionel Messi Argentina terma jamoasi o‘yinlaridan uzoq muddat diskvalifikatsiya qilinishi mumkin. Bu haqda TyC Sports xabar berdi.
Janubiy Amerika futbol konfederatsiyasi ikki oydan olti oygacha bo‘lgan diskvalifikatsiya muddatini ko‘rib chiqmoqda. Bu esa Messining 2019-yilning oxiriga qadar Argentina terma jamoasining barcha uchrashuvlarini o‘tkazib yuborishi mumkinligini anglatadi.
Bunga hujumchining Kopa Amerika musobaqasi davomida aytagn o‘rinsiz gap-so‘zlari asosiy sabab qilib ko‘rsatilmoqda. Mazkur musobaqada Argentina terma jamoasi bronza medalini qo‘lga kiritdi. Biroq Messi taqdirlash marosimida ishtirok etmadi va Braziliya terma jamoasi bilan kechgan yarim final bahsida ishlagan hakamlarni korrupsiyada aybladi.
Ma’lumot uchun, argentinaliklar yil davomida faqat o‘rtoqlik uchrashuvlari o‘tkazishni rejalashtirgan.
Sentabr oyilda Argentina Meksika va Chili terma jamoalari bilan o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazadi. Mazkur bahslar AQShda bo‘lib o‘tadi.
Oktabr oyida Argentina termasi mehmonda Germaniya va Baskoniya termalariga qarshi maydonga tushadi.
Noyabrda esa argentinaliklar Saudiya Arabistonida Braziliya hamda Osiyo qit’asining birorta terma jamoasi bilan o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazadi.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @daryo_sport’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)