O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi bilan Xitoy Xalq Respublikasi Bosh Bojxona boshqarmasi o‘rtasida O‘zbekistondan Xitoyga achchiq qalampir eksport qilinishida fitosanitariya talablari to‘g‘risidagi protokol imzolandi. Bu haqda O‘zA xabar qiladi.
O‘zbekistonning Xitoydagi elchixonasining O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi va boshqa mutasaddi idoralar bilan hamkorlikdagi sa’y-harakatlari natijasida endilikda mamlakatda yetishtirilgan achchiq qalampir mahsulotini Xitoy bozoriga olib kirish imkoni yaratildi.
Imzolangan hujjatga muvofiq, O‘zbekistondan Xitoyga eksport qilinadigan achchiq qalampir zamonaviy sanitariya-gigiyena me’yorlari, fitosanitariya qoidalari va talablariga javob bermog‘i lozim.
O‘zbekiston O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi bilan XXR Bosh bojxona boshqarmasi o‘rtasida mazkur hujjatning imzolanishi mamlakat tadbirkorlari uchun qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportini oshirish, mahsulot ishlab chiqaruvchilar va fermerlar uchun o‘z daromadlarini ko‘paytirish uchun qulay imkoniyat yaratishda huquqiy zamin yaratadi.
Izoh (0)