“Daryo” o‘tayotgan haftada sodir bo‘lgan eng muhim va muhokamali voqealarni sharhlab o‘tadi.

DXX raisi Abdusalom Azizov O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasiga prezident etib saylandi. Ungacha O‘FAga Ochilboy Ramatov yetakchilik qilib kelayotgan edi. Abdusalom Azizov 2008—2009-yillarda O‘zbekiston futbol federatsiyasi vitse-prezidenti bo‘lgan. Bundan tashqari, O‘zbekiston ichki ishlar vaziri, Mudofaa vaziri lavozimlarida faoliyat yuritgan. Mashhur hakam Ravshan Ermatov O‘FAning birinchi vitse-prezidenti sanaladi.

Foto: O‘FA rasmiy sayti

Yangi prezident O‘FA konferentsiyasida so‘zga chiqib, “Totalizator, kelishilgan o‘yinlar kabi tushunchalarni yo‘qotish bizning birinchi darajali vazifamiz bo‘lishi kerak”, dedi.

* * *

Bu hafta yurtimizda abituriyentlardan hujjat qabul qilish ishlari tugadi. Respublika bo‘yicha jami 60 ta oliy ta’lim muassasasi va ularning 30 ta filialiga kirish uchun 1 million 66 ming 925 nafar abituriyent ro‘yxatdan o‘tkazildi. Shundan kunduzgi ta’lim shakliga 718 097 nafar, kechki ta’lim shakliga 13 821 nafar, sirtqi ta’lim shakliga 335 007 nafar abituriyent ro‘yxatdan o‘tdi.

2018-yilda 814 ming 952 nafar abituriyentdan hujjat qabul qilingan edi, bu yil ko‘rsatkich 31 foizga ko‘proq bo‘ldi.

Foto: O‘zA

Eng ko‘p hujjat Samarqand, Andijon va Qarshi davlat universitetlarida qabul qilingan. Aytish kerakki, ayrim OTMlarda bir o‘ringa 29 nafargacha da’vogar bor.

* * *

O‘tayotgan hafta nodir bir voqeasi bilan tarixga yozildi. Yuqori rutbali mansabdor va O‘zbekiston prezidentining kuyovi Otabek Umarov yo‘l harakati qoidasini buzgani uchun jarima to‘ladi. Yaqin chorak asrlik tariximizda prezident oilasiga mansub inson qoida buzgani uchun darhol javobgarlikka tortilgani kuzatilmagan.

Avvalroq Otabek Umarov Instagram-sahifasida Toshkent ko‘chalarida tunda Tesla elektromobilini soatiga 201 kilometr tezlikda haydagani aks etgan videoni joylagandi. Ko‘p o‘tmay o‘chirilgan videoni “Ozodlik” radiosi yuklab olishga ulgurgan va ko‘plab nashrlar tomonidan qayta bosilib, mashina haydovchisi tanqid ostida qolgandi. 1,8 million so‘mlik jarima Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 128-moddasi 3-qismiga asosan tayinlangan. Otabek Umarov Instagram-sahifasida kvitansiyani joylab, muammoni ko‘targan jurnalist va blogerlarga minnatdorlik izhor qildi hamda “qonun barcha uchun barobar”, dedi.

Foto: Instagram / Otabek Umarov

Bu voqeadan ko‘p o‘tmay, Otabek Umarov mashina oynasini qoraytirish mavzusida fikr bildirib, yurtimiz iqlimi issiqligini tilga oldi hamda “Avtoulov ‘tonirovka’si xavfsizlik masalalarini hal qilishda va ta’minlashda bizga to‘siq bo‘lolmaydi”, dedi.

* * *

Go‘sht tobora qimmatlashib borayotgani uchun fuqarolarga yengillik yaratish maqsadida go‘sht importi 2019-yilning oktabrigacha qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod etildi. 2019-yil 1-oktabrgacha bo‘lgan muddatda import qilingan go‘sht (mol, qo‘y, tovuq), shuningdek, tirik hayvonlar (qoramol va parranda) hamda ularning so‘yilgan mahsulotlari QQSdan ozoddir.

Veterinariya davlat qo‘mitasi esa go‘sht narxi oshishini qassoblar monopoliyasidan ko‘rdi.

* * *

Gulnora Karimova mavzusi yana ommaning diqqat markaziga ko‘chdi. Xabarlarga ko‘ra, Sud-tibbiy ekspertizasi tomonidan Gulnora Karimovada surunkali kasalliklar borligi aniqlangan. Ko‘p o‘tmay esa uning koloniyadan tez yordam mashinasida olib ketilgani xabar qilindi. Bu vaqtda uning shveysariyalik advokati koloniya oldida olti soatdan beri kutib turgan, ammo ko‘risha olmagan.

* * *

Qahramonlik ko‘rsatish uchun dunyoning qizg‘in nuqtalarida jangga kirish shart emas. Ba’zida inson o‘z burchini mahorat bilan ado etishiyoq katta jasoratga aylanadi. Toshkentlik shifokor Sergey Vladimirovich Tobias to‘satdan yuragi to‘xtab qolgan ikki yashar bolaning umrini saqlab qolib, kun qahramoniga aylandi.

Foto: Telegram / Davletovuz

18 iyul kuni ko‘chada tutqanoq tutgan bolani ota-onasi duch kelgan klinikaga olib kirgan. Bu Lor Plus Servis klinikasi bo‘lib, LOR shifokori Sergey Vladimirovich darhol yordamga oshiqqan va maxsus anjomlarsiz uzoq vaqt bolaning yuragini massaj qilish orqali uning hayotini saqlab qolgan.

“Yuksalish” umummilliy harakati vakillari “Oramizdagi qahramonlar” loyihasi doirasida Sergey Vladimirovichga minnatdorlik xatini taqdim etdi.

* * *

2022-yilgi Jahon chempionati va 2023-yilgi Osiyo kubogining saralash musobaqasi 2-bosqichiga qur’a tashlandi. Qur’ada O‘zbekiston milliy jamoasi Saudiya Arabistoni, Falastin, Yaman va Singapur termalari bilan birga D guruhidan joy oldi. 2-bosqich o‘yinlari shu yil 5-sentabrdan boshlanib, 2020-yil iyunigacha davom etadi. Terma jamoa murabbiysi Ektor Kuper Jahon chempionati saralashi 2-bosqichi qur’asi natijalari haqida “...raqiblarning barchasi o‘ziga yarasha kuchli jihatlarga ega. Hech bir raqibga bepisandlik bilan qarab bo‘lmaydi”, dedi.

O‘zbekiston milliy jamoasi Jahon chempionati yo‘lida oltinchi marta urinib ko‘rmoqda. Avvalgi urinishlar barchasi omadsiz tugagan.

Daryo yangiliklarini kuzatib boring. O’zbekiston va dunyo xabarlaridan eng birinchi xabardor bo’ling.