“Daryo” o‘tayotgan haftada dunyo matbuotida keng yoritilgan, ko‘pchilikning qiziqishiga sabab bo‘lgan maqolalar sharhiga to‘xtalib o‘tadi.
AQSh va Turkiya hali hech qachon bunday jiddiy ixtilofga bormagan
AQShning yuqori martabali manbalari xabariga ko‘ra, AQSh bilan Turkiya o‘rtasidagi misli ko‘rilmagan nifoq so‘nggi o‘n yilliklar ichida NATOda yuz bergan eng yirik inqirozdir. NATOning ikki a’zosi o‘rtasidagi munosabatlar Tramp ma’muriyati tomonidan Turkiya sotib olayotgan Amerikadagi eng mukammal ko‘rinmas-qiruvchi samolyotlar borasidagi bitim rasman bekor qilingach yanada yomonlashib ketdi. Bu prezident Erdo‘g‘on Rossiyaning C-400 zenit-raketa kompleksini sotib olish qaroriga javob edi. C-400 eng yaxshi qurol tizimlaridan bo‘lib, bir vaqtning o‘zida bir necha nishonnni kuzatish va urib tushirish imkoniga ega. Pentagon amaldorlari Turkiyaning bir necha milliard turadigan F-35, “Yashin qiruvchilar” dasturidan chiqarilishi muqarrar ekanini aytdi.
Ularning gapiga ko‘ra, 5 yil mobaynida Turkiyaga C-400 tizimidan foydalanishga yordam beradigan rossiyalik texnik ekspertlar superko‘rinmas F-35 yashirin texnologiyasi to‘g‘risida ma’lumot yig‘ishi mumkin ekan. C-400 ishchi holatiga keltirilganidan so‘ng (dastlabki qismlari keltirib bo‘lindi) Turkiya NATO havo hujumiga qarshi tarmog‘ining bir qismi bo‘lmay qoladi.
“AQSh Turkiyaga F-35 sotilishini bekor qilib to‘g‘ri qildi”, – deb Times’ga bayonot berdi general Jek Kin. – Lekin endi NATOda real muammo paydo bo‘ldi. C-400 tizimini sotib olish NATO siyosatiga qarshi, bunga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Shunga qaramay, Turkiya alyansning yagona musulmon davlati sifatida NATO uchun muhim strategik joylashuvi va Yaqin Sharq hamda Osiyoga yo‘l sifatida o‘z ahamiyatini saqlab qolaveradi”.
Erik Edelmen (Turkiyadagi elchi va Pentagonning sobiq martabali amaldori) aytishicha, “AQSh va Turkiya o‘rtasidagi munosabatlar jiddiy inqiroz davriga kiryapti, gumonimcha, u chuqur va davomli bo‘ladi... Turkiya – muhim mamlakat; to‘lig‘icha demokratik Turkiya AQSh va NATOning kuchli ittifoqchisi bo‘lishi mumkin va bo‘lishi kerak.
Erdo‘g‘on bilan Putinning bitimi Rossiya rahbari olib borayotgan NATOni qo‘porish borasidagi o‘yinida o‘z rolini o‘ynadi.
Turkiya C-400 sotib olishi va Amerikaning aynan shu tizimdagi Patriot’ini rad etishi turklar bilan harbiy hamkorlikning davom ettirilishi borasida jiddiy shubhalar tug‘dirdi.
Pentagon rasmiylari Turkiyaga F-35 sotilishining taqiqlanishi hayotiy muhim strategik munosabatlarni o‘zgartirmaydi, demoqda. Lekin allaqachon Turkiya havo bo‘shlig‘i muhim rol o‘ynashi kerak bo‘lgan kelgusidagi harbiy mashqlar borasida savollar tug‘ilmoqda. Shuningdek, Turkiya janubidagi Injirlik bazasidan NATO foydalanishi borasida masalalar ko‘tarilmoqda.
Pentagon oylar mobaynida Turkiyani C-400 sotib olinishi u F-35 dasturida qatnashishini xavf ostida qoldirishi borasida ogohlantirib keldi, lekin Oq Uydan kelgan qarama-qarshi signallar Erdo‘g‘onnni samolyotlarni sotib olishiga ishontirdi chog‘i. Turkiya sotib olgan to‘rtta F-35 hanuz AQShda turibdi va u yerda qoladi. Qolgan 100 ta samolyotga buyurtma bekor qilinadi.
Arizonadagi “Lyuk” aviabazasida tayyorgarlikdan o‘tayotgan barcha turk uchuvchilari va ularning ekipajlariga 31-iyulga qadar AQShni tark etishi buyurilgan. Bu qaror iqtisodiy oqibatlarga ham olib keladi. Turk ishlab chiqaruvchilari ushbu ko‘p maqsadli jangovar samolyot uchun 900 dan ortiq qismlarni tayyorlab kelgan edi. Endi AQSh bu qismlarni ishlab chiqarish borasida boshqa sheriklariga murojaat etadi. Bunga o‘tish uchun 600 million dollar xarajat qilishga to‘g‘ri keladi.
Tramp ma’muriyati Buyuk Britaniyadagi Rossiyaning sobiq josusi zaharlangandan keyin sakkiz oy o‘tsa ham, uning vakillari Kongressga Moskva shunga arziydi degan bo‘lsa ham, Rossiyaga qarshi sanksiyalarning ikkinchi qismini joriy qilmadi. Davlat departamentining amaldorlari AQSh 1991-yilda Kongress tomonidan qabul qilingan kimyoviy va bakteriologik qurolni tugatish to‘g‘risidagi qonunga muvofiq sanksiyalar kiritmoqchi degan bo‘lsa ham, necha oydirki hech qanday yangilik yo‘q.
Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar qachon amalga kiradi?
Ma’lumotlarga qaraganda, yangi sanksiyalar paketi mart oyidayoq tayyor bo‘lgan, lekin imzolangan emas. Mart oxirida Bloomberg Oq Uy sanksiyalar paketini olgani, moliya vazirligi va davlat departamenti Solsberida Sergey Skripal va uning qizi Yuliya zaharlangani tufayli uni tatbiq qilishni boshlash uchun imzolanishini kutib turganini xabar qilgan edi. Nima uchun uning ortidan hech qanday harakatlar boshlanmagani jumboq.
Oq Uy vaziyatni izohlashni istamadi.
Prezident Tramp allaqachonoq Rossiya bilan munosabatlarni yaxshilashdan manfaatdor ekanligini namoyish qilgan. Yangi sanksiyalar tufayli buni amalga oshrish qiyinroq bo‘lsa kerak. Tramp iyun oxirida Osakadagi katta yigirmalik sammiti vaqtida Putin bilan uchrashdi.
Ular qurollanishni nazorat qilish hamda global xavfsizlikning boshqa masalalarini muhokama qildi va munosabatlarni yaxshilash har ikki davlatning o‘zaro manfaatlariga xizmat qiladi degan to‘xtamga keldi.
Sanksiyalarning ikkinchi paketidan qochish uchun ma’muriyat 6-noyabrgacha Rossiya 1991-yilgi qonunda belgilangan kriteriylarni bajarayotganini aniqlashi, shu jumladan, yana kimyoviy qurollardan foydalanmayotganiga ishonch hosil qilishi kerak.
Sanksiyalarning ikkinchi paketi anchagina qattiq bo‘lishi va Rossiya iqtisodiyotiga kuchli zarar yetkazishi kerak. Ehtimol, u Moskva bilan munosabatlarni anchagina keskinlashtiradi. Ma’muriyat tayyorlagan ro‘yxatda sanab o‘tilgan sanksiyalarning oltita kategoriyasidan kamida uchtasini tanlab olishi kerak. Bularga AQShning Rossiyaga eksportini yanada cheklash, importni cheklash, diplomatik munosabatlarni to‘xtatish, AQSh bilan Rossiya o‘rtasidagi rus hukumati nazorat qiladigan aviaqatnovlarni to‘xtatish kabilar kiradi. Moliya vazirligi va davlat departamenti bu choralardan qay birini afzal ko‘rishi noma’lum.
“Tanqidchilarning so‘zlariga ko‘ra, ma’muriyatning jarakatsizligi AQSH qonunlarni buzayotgan mamlakatlarni jazolashga nojiddiy munosabatda bo‘linayotganiga signaldir. Ba’zilarning ta’kidlashicha, ma’muriyat sanksiyalarni tezroq joriy qilish maqsadida qabul qilingan qonunni nazar-pisand qilmayapti. Rossiyaliklar jazolanmayaptimi, kelajakda kimyoviy qurol qo‘llanishiga hech kim to‘sqinlik qilmaydi, bu esa boshqa mamlakatlar bu borada ikkilanib o‘tirmasligiga olib keladi”, – deydi Obama ma’muriyati Mudofaa vazirining sobiq yordamchisi Evelin Farkas.
Xalqaro munosabatlar bo‘yicha kengashning shtatsiz katta ilmiy xodimi Karla Robbins:
“Bularning hammasi prezident qonun talabi va siyosiy vaziyatdan qat’iy nazar kallasiga kelganini qilayotganini namoyish qilyapti, – dedi. – Ruslarni jazolashni esa u rostdan ham xohlamaydi”.
U qo‘shimcha qilib “sanksiyalar kechikayotganining sababini bilib bo‘lmaydi, chunki bu borada Oq Uy mutlaqo noshaffof”, dedi.
Strategik hujum qurollarini cheklash bitimi qayta imzolanmaydimi?
AQSh va Rossiya delegatsiyalari 2019-yil iyulining o‘rtalarida Jenevada strategik hujum qurollarini cheklash to‘g‘risidagi yangi bitim amal qilishini uzaytirish imkoniyatlarini muhokama qilish maqsadida uchrashishni rejalashtirmoqda. Qurollanish sohasini nazorat qilish bo‘yicha muhim bo‘lgan bu bitim Amerika va Rossiya yadro qurollarining qudrati va hajmini cheklashni nazarda tutadi.
2010-yilda imzolangan bu bitim Rossiya va Qo‘shma Shtatlarga cheklovlar o‘rnatadi. Unga muvofiq, ikki tomon 1550 strategik yadroviy kallaklardan oshmagan, maksimal soni 700 ga yetgan holatdagi strategik bombardimonchi va qit’alararo ballistik raketalarga ega bo‘lishi mumkin xolos. Lekin bu bitimning amal qilish muddati 2021-yilda tugaydi. Ekspertlar esa Tramp ma’muriyati, xususan, uning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jon Bolton bu bitimni uzaytirishni sabotaj qilish va shu orqali cheklanmagan yadroviy qurollanishga yo‘l ochishni rejalashtirmoqda deb xavotirlanmoqda. Yaponiyada o‘tgan G-20 sammiti oldidan Vladimir Putin Donald Trampni SQCh bo‘yicha yangi bitimni uzaytirishga ko‘ndirishni rejalashtirantganini aytgan edi. U amerikaliklar tomonidan bu borada hech qanday tashabbus kuzatilmayotganini ta’kidlagandi.
AQShlik ekspert Deril Kimbolga ko‘ra, “Bolton Trampni yangi SQChni rad qilishga undayotgani ochiq ko‘rinib turibdi. Boltonning o‘zi 2019-yil iyunida bu borada hech qanday qaror yo‘q, bo‘lish ehtimoli ham kam, degandi”.
AQSh davlat kotibining o‘rinbosari Jon Sallivan Jenevadagi muzokaralarda Davlat departamenti, Milliy xavfsizlik kengashi, Mudofaa vazirligi, shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasi va milliy xavfsizlik agentligi xodimlaridan iborat Amerika delegatsiyasini boshqaradi. Rossiya tashki ishlar vazirining o‘rinbosari Sergey Ryabkov o‘z davlati delegatsiyasini boshqaradi.
Tramp ma’muriyatining yangi SQChning ehtimoliy sabotajini yashirish uchun keltirayotgan asosiy dalili shuki, AQSh yadroviy qurol sohasida yangi, uch tomonlama bitimga erishishni istayapti. Ammo bu reja qabul qilingan holda ham esda tutish kerakki, uch tomonlama bitim tuzish bo‘yicha muzokaralar yillab davom etishi mumkin, qolaversa, bunday variant SQCh bo‘yicha yangi bitimni uzaytirishni cheklamasligi kerak.
“Rossiya va Xitoy bilan ko‘proq qamrovli, tantanavor bitim tuzish umidida yangi SQChdan voz kechish noto‘g‘ri bo‘ladi, – deb ta’kidladi Kimbol AP’ga bergan intervyusida. – Xalqaro xavfsizlik va qurollar nazorati sohasida Qo‘shma Shtatlarning maqsadlariga Boltonning halokatli ta’siri Kongress tomonidan muayyan harakatlarni talab qiladi. U qurol nazoratiga aql bilan yondashishni siyqalashtirishga yo‘l qo’yilmasligini tushuntirib qo‘yishi kerak”.
Demokrat Eliot Engel va respublikachi Mayk Makkol tomonidan vakillar palatasiga kiritilgan qonun loyihasida Rossiya SQCh bitimini bajarar ekan yoki yangi imzolangan bitim kuchga kirgunga qadar SQChga amal qilaverish haqida gap boradi.
Bu orada senator-demokrat Edvard Marki va Elizabet Uorren yangi SQCh kuzda tutgan har qanday cheklovlarni buzadigan yadroviy qurollanishni har qanday moliyalashtirishni taqiqlaydigan qonun loyihasini ishlab chiqdi.
Bu voqeada garovlar ulkandir. Agar Tramp Boltonning maslahatiga quloq tutaversa va yangi SQCh amaldan to‘xtatilishiga yo‘l qo‘ysa, yangi va yanada xavfliroq yadroviy qurollanish poygasiga yo‘l ochib beradi.
Jahongir Ergashev tayyorladi.
Izoh (0)