Shifokor bemorga retsept yozayotgan paytda albatta, turli omillarni hisobga oladi: bemorning yoshi, jinsi, kasallik darajasi, ba’zida uning moddiy ahvolini ham. Dorilarning har kimga har xil ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini bilish uchun tibbiyot xodimi bo‘lish shart emas. Agar bemor hali bir yoshga to‘lib-to‘lmagan go‘dak bo‘lsa-chi? Tabiiyki, bunda mas’uliyat yuz chandon oshishi turgan gap! Farzandingiz joni og‘risa, shifokor huzuridan to‘g‘ri dorixonaga chopasiz! U yerda o‘tirgan “najot farishtasi” sizga yordam berishiga ishonasiz, deb yozadi Zarnews.
Samarqandlik Nozimaxon ham shunday o‘ylagandi. Go‘dagi dorilarni qabul qilgach, yaxshilanish o‘rniga butunlay og‘irlashib qoldi. Bolani zudlik bilan Viloyat ko‘p tarmoqli bolalar tibbiyot birlashmasiga olib kelishdi.
Shifokorlarning sa’y-harakatlari bilan murg‘ak go‘dakning hayoti saqlab qolindi va keyin surishtiruvlar boshlandi.
Ma’lum bo‘lishicha, shahardagi Buyuk Ipak yo‘li ko‘chasi, 52-manzilda joylashgan 1-sonli dorixonadan xarid qilingan o‘ta yuqori dozadagi dori-darmonlar bolaga aks ta’sir ko‘rsatgan. Yanayam achinarlisi, shifokor tavsiyanomasida ko‘rsatilgan dorilar o‘rniga boshqasi berilayotganligi haqida xaridor ogohlantirilmagan ham. Yaxshiyamki, chaqaloq tirik qoldi. Aks holda nafsini o‘ylab, mahsulotini o‘tkazishni maqsad qilganlar keyin qanday javob berishardi?
Shunisi ma’lumki, dorixona mutasaddilari vaziyatni bilib ham, bunga sovuqqonlik bilan qaragan. Murojaatlari e’tiborga olinmagach, yaqinlarining maslahati bilan yosh oila Prezident virtual qabulxonasiga ariza yo‘llagan.
Murojaat tegishliligi bo‘yicha, Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish Samarqand shahar jamiyati mutasaddilari tomonidan o‘rganildi. Xatoga yo‘l qo‘ygan dorixona xodimlariga amaldagi qonun talablari tushuntirilgach, bolaning salomatligini tiklashga sarflangan mablag‘ dorixona ma’muriyati tomonidan to‘liq qoplab berildi.
Izoh (0)