“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJga qarashli “Ko‘prikqurilish” tresti UK mutaxassislari tomonidan Ohangaron va Maxtumquli ko‘chalari kesishmasida shu kungacha hali mamlakatda qo‘llanilmagan 3 pog‘onali yo‘l o‘tkazgich qurilmoqda. E’tiborlisi, loyiha doirasida Toshkent viloyatining Parkent, Yuqori Chirchiq, Bo‘stonliq tumanlariga eltuvchi umumiy uzunligi 19,2 km bo‘lgan yangi zamonaviy magistral ham bunyod etildi. Quvonarlisi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 29-martdagi PQ-3632 sonli qaroriga muvofiq mazkur yo‘nalishda ko‘priksozlar tomonidan Chirchiq daryosi ustidan o‘tuvchi avtomobillar uchun mo‘ljallangan yangi ko‘prik qad rostladi. Bu haqda “O‘zbekiston temir yo‘llari” matbuot xizmati xabar bermoqda.
Loyihalashtirish ishlari “Boshtransloyiha” AJ muhandislari tomonidan ishlab chiqilgan. Ko‘prikning umumiy uzunligi 256 metr bo‘lib, jami 9 ta (ustoylari bilan) tayanch ustunlari oralig‘ida montaj qilinadigan 1 ta (24 metr) va 7 ta (33 metr) oraliq qurilmalardan (balkalar) tashkil topadi. Tayanch ustunlarining poydevori diametri 1,5 va 1,7 metrli 25 metrgacha chuqurlikka burg‘ulab o‘rnatiladigan 78 ta qoziqlardan (svaya) iborat bo‘lib, jami 112 dona oraliq qurilmalari (balka) o‘rnatilgan.
Ko‘prikning kengligi 30,8 metrni tashkil etadi. Mazkur inshoot 6 yo‘nalishda avtomobillar harakati uchun mo‘ljallangan. Shuningdek, ko‘prikni barpo etishda piyodalar yo‘lagiga ham alohida e’tibor qaratilgan. Qurilish-montaj ishlari “13-ko‘prikqurilish otryadi” ishchi-xodimlari tomonidan amalga oshirildi.
Izoh (0)