“PostNauka” sayti mutaxassislari o‘quvchilarining turli savollariga ilmiy javoblar topib berishi bilan mashhur. Bizning diqqatimizni qum zarralari qanday qilib hosildor tuproqqa aylanishi haqidagi savol tortdi. Rossiyalik biolog Timofey Chernov bu savolga javob berarkan, Dokuchayevning suvda va tuproqda o‘sadigan o‘simliklar formulasiga tushuntirish berib o‘tdi.
Tuproqshunoslik fanining asoschisi Vasiliy Dokuchayev taqdim etgan tuproq hosil bo‘lishining umumiy formulasi mavjud: tuproq iqlim, relyef, tog‘ jinslari, tirik organizmlar va vaqt ta’sirida hosil bo‘ladi.
Dastlab tuproq mineral substrat – tuproq hosil qiluvchi jismlarda shakllanadi. Bu daryo yuvgan qum zarralari, muzlagan material yoki ochiq tog‘ jinslari bo‘lishi mumkin. Ushbu substratda tuproq hosil qiluvchi jismlarni o‘zgartiruvchi tirik organizmlarning izchillikda almashinuvi boshlanadi. Eng avval mikroorganizmlar, masalan, o‘ziga xos suv o‘tlari almasha boshlaydi. Ular karbonat angidrid va havodan to‘g‘ridan to‘g‘ri molekulyar azotni tortib olishi mumkin – ularga deyarli boshqa hech narsa kerak emas, faqat havo va yashash uchun tuproq yuzasi. Lishayniklar ham tuproq hosil qilishda faol “xizmat ko‘rsatadi” – ular yalang‘och tog‘larda, qumda o‘sadi. Suvsiz joylarda va ekstremal haroratda ham o‘sishi mumkin.
Iqlim va tirik organizmlar ta’sirida jismlar fizik jihatdan “buziladi”, sekin-astalik bilan organik moddalarga to‘yinib boradi va vaqt o‘tishi bilan unda o‘simliklar ko‘karadi. Odatda suv o‘tlari, lishayniklar va moxlar o‘simlik maysalari, butalarga, keyin esa daraxtlarga almashadi, biroq konkret joy va tabiat zonasidan kelib chiqib ushbu sxema o‘zgarishi mumkin.
O‘simlik – tuproq hosil qiluvchi asosiy omil, u yangi organik modda hosil qilib, tuproq tarkibiga ta’sir ko‘rsatadi, zamburug‘, mikroorganizm va tuproq hayvonlari hayotini qo‘llab-quvvatlaydi. O‘simliklar tuproqni hosil qiladi, lekin tuproq xossalarini emas, qanday o‘simliklar unda “yashab qolishi” mumkinligini aniqlaydi. O‘simliklar tarkibi tuproq qismlari, kislotali yoki ishqorli muhit reaksiyasi, oziq moddalari miqdoriga bog‘liq. Barcha o‘simlik turlarining o‘ziga xos talabi bo‘ladi: qiyoq o‘tlar nam tuproqni afzal ko‘radi, qarag‘ay qum va toshloqda yaxshi o‘sadi, qichitqi o‘t va malina azotga boy tuproqda yaxshi o‘sadi va hokazo.
O‘simliklar dunyosi tuproqda, shuningdek, ko‘plab tuproq faunasi vakillari mavjudligini ham aks ettiradi. Tuproqda turli hasharotlar, mingoyoq, jo‘laklar, chuvalchanglar hayot kechiradi. Ular o‘simlik qoldiqlarini maydalab va aralashtirib, tuproq hosil bo‘lishiga o‘z hissasini qo‘shadi. Agar tuproq hasharotlari bo‘lmasa, o‘simliklar qoldig‘i tuproq yuzasida yig‘ilib qolishi va juda sekin chirishi mumkin.
Tashqi sharoit sabab tuproq hosil bo‘lishi uchun o‘nlab, yuzlab va mingab yillar kerak bo‘lishi mumkin. Shunday qilib, tuproq hosil bo‘lish jarayoni qanchadir vatda to‘xtab qolishi, o‘simlik, iqlim va boshqa omillar tuproq xossasini izchillikda o‘zgartirishda davom ettirmasligini anglatmaydi. Shunday omillardan biri inson sanaladi. Masalan, O‘rta Osiyo tog‘ etaklarida ming yillardan buyon dehqonchilikning sug‘orish ishlari bilan amalga oshirilishi, u yerlarda tuproqning o‘ziga xos turi – sug‘orilgan bo‘z tuproq yaralishiga sabab bo‘ldi.
Yer yuzida tuproq turlarining katta qismi muzlik davrining so‘nggi yillarida shakllangan, ularning yoshi 7–10 ming yildan oshadi. Eng qadimgi tuproq turlari tropik hududlarda aniqlangan – ularning yoshi million yillarga teng bo‘lishi mumkin. Tuproq hosil bo‘lishi – juda sekin jarayon va ko‘plab tuproq turlari inson faoliyati bilan bog‘liq. Tabiiy o‘simliklarni yo‘qotish, haddan ko‘p shudgorlash yoki tuproq yemirilishi tuproq xossalarining “kamayishi”ga sabab bo‘ladi va uni qayta tiklash uzoq vaqtni talab etadi.
Izoh (0)