Siyosatshunos Oybek Sirojev “Daryo”ga taqdim etgan maqolasida Markaziy Osiyodagi yetakchi davlatlar manfaatlari haqida fikr yuritadi. Misol tariqasida u AQShni ko‘rib chiqadi.

Markaziy Osiyo imkoniyatlari

Markaziy Osiyo ulkan imkoniyatlarga ega mintaqa hisoblanadi. Bu yerda 72 millionga yaqin aholi yashaydi. Mehnatga yaroqli aholi 24 million kishini tashkil etib, asosiy qismi yoshlardan iborat.

Markaziy Osiyo dunyodagi energiya zaxiralariga boy mintaqalardan biri bo‘lib, bundan ratsional foydalanish rivojlangan davlatlar darajasiga chiqish imkonini beradi. Ko‘mir qazib chiqarish bo‘yicha mintaqa 10-o‘rinni, elektr energiyasi ishlab chiqarish bo‘yicha 19-o‘rinni, 30 dan ortiq turli metallarni ishlab chiqarish bo‘yicha 1–20-o‘rinlarni egallaydi. Yer resurslari bo‘yicha ham u yetakchi mavqega ega bo‘lib, ekin yerlari bo‘yicha 10-o‘rinda. Mintaqa sabzavot yetishtirish bo‘yicha 16-o‘rinda, paxta yetishtirish bo‘yicha 5-o‘rinda, qoramol soni bo‘yicha 20-o‘rinda turadi.

Foto: AQShning Toshkentdagi elchixonasi

Ekspertlarning fikricha, mintaqa davlatlari tovar ayriboshlashda o‘z imkoniyatlarini maksimal ishga solishi yiliga 2–3 milliard dollar foyda keltirib, 500–1200 ming qo‘shimcha ish o‘rni yaratadi. Yuqoridagilardan ko‘rinib turibdiki, mintaqa istiqboli uchun yetarli imkoniyatlar mavjud.

Mintaqa geografik joylashuvi, ijtimoiy-iqtisodiy salohiyati va moddiy resurslari bilan tashqi kuchlarni doimo o‘ziga jalb qilib keladi. Shu sababli dunyoning yetakchi kuchlari doimo bu o‘lkaga ta’sir ko‘rsatishga intilib keladi. Bugungi kunda ham bu tendensiya dolzarbligini yo‘qotgani yo‘q. Jumladan, mintaqaviy hamkorlik jarayonlariga nisbatan ham ularning sezilarli ta’siri va o‘ziga xos siyosati shakllangan. Ya’ni, ular ham o‘z manfaatidan kelib chiqib, turli hamkorlik modellarini ilgari suradi.

Amerika Qo‘shma Shtatlari

AQSh mintaqadagi hamkorlik jarayonlarini quyidagi manfaatlarini qondirishni ko‘zlab qo‘llab-quvvatlashga intiladi:

- Afg‘oniston muammosini hal qilishda mintaqa imkoniyatidan foydalanish;

- Xitoy va Rossiya ta’sirini cheklash;

- Eron ta’sirini kamaytirish;

- Mintaqa energiya resurslaridan o‘z manfaati yo‘lida samarali foydalanish.

AQSh xavfsizligi uchun afg‘on muammosi asosiy muammo darajasiga ko‘tarilib, dunyo hamjamiyati e’tiborini shu hududga qaratdi. Shundan so‘ng mintaqa davlatlari va AQSh o‘rtasidagi hamkorlik jadal sur’atlar bilan rivojlandi. Harbiy sohada ham hamkorlik kuchayib, mintaqada AQSh harbiy bazalari tashkil etildi. Bu yerdagi respublikalar bilan strategik sheriklik shartnomalari imzolandi (2002-yilda O‘zbekiston bilan strategik hamkorlik to‘g‘risida deklaratsiya imzolandi). Afg‘onistonda urush harakatlari cho‘zilgach AQShda respublikada tinchlik o‘rnatishning muqobil yo‘llari, jumladan, siyosiy, iqtisodiy yo‘llardan ham foydalanish masalalari o‘rtaga tashlana boshlandi. Aynan ana shunday maqsadni ko‘zlagan bir qancha konsepsiyalar ishlab chiqildi.

Shunday eng asosiylari: Katta Markaziy Osiyo va Yangi Ipak Yo‘li.

Katta Markaziy Osiyo g‘oyasi 2005-yilda amerikalik olim Fred Starrning Foreign Affairs jurnalida chop etilgan “Markaziy Osiyo uchun hamkorlik” (A Partnership for Central Asia) maqolasida ko‘tarildi. Unda Markaziy Osiyoga Afg‘onistonni ham kiritib, mintaqada integratsion jarayonlarni Kobul bilan birga rivojlantirish g‘oyasi ilgari surildi. Savdo hamkorlikning bosh omili bo‘lishi, uni rivojlantirish orqali Afg‘onistondagi ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal etish, integratsion jarayonlarni rivojlantirish nazarda tutiladi.

Bir tomondan, savdo-sotiqni rivojlantirish masalasi diqqatga molik. Mintaqa ham bundan manfaat ko‘radi. Muammo shundaki, bu g‘oyani hayotga tatbiq etish uchun yetarli sarmoya va kommunikatsiya tizimini moliyalashtirish masalasi ochiq qoldi. Aniqrog‘i, mavjud imkoniyatdan kelib chiqib, savdoni rivojlantirishga ustivorlik berildi. AQSh esa mintaqa imkoniyatidan foydalanib afg‘on muammosini bartaraf etishga intildi. Tabiiyki, mintaqa davlatlari bunday yondashuvdan yetarli darajada manfaatdor emas. Bundan tashqari, afg‘on bozorida asosan energiya resurslari, dori-darmon va oziq-ovqat mahsulotlariga ehtiyoj yuqori.

Afg‘oniston bozori asosan Eron, Pokiston, Xitoy, Hindiston mollari bilan to‘ldiriladi. Sababi – masofa va tildagi yaqinlik, shu bilan birga, afg‘on iste’molchisi arzon molga ehtiyojmand, yuqoridagi davlatlar chegara hududlarida shunga ixtisoslashish bor. Biroq mintaqada hali aynan afg‘on bozori uchun mahsulot ishlab chiqarishga ixtisoslashish mavjud emas. Buning uchun, birinchi navbatda, moliyaviy qo‘llab-quvvatlash talab etiladi. Qolaversa, AQSh Eronni Afg‘oniston bozoridan siqib chiqarishdan manfaatdor ekan, buning uchun Markaziy Osiyoda Eron moliga muqobil mahsulot yetkazadigan ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlashi maqsadga muvofiq. Masalan, Termizni Afg‘oniston bozori uchun mahsulot ishlab chiqaruvchi erkin iqtisodiy makonga aylantirish mumkin. Buning uchun Termizga AQSh ma’muriyati qo‘llab-quvvatlashi asosida investitsiya kiritib, ishlab chiqarishni rivojlantirish lozim. O‘zbekiston diplomatiyasi ham bu masalaga urg‘u berishi maqsadga muvofiq.

Yangi Ipak Yo‘li konsepsiyasini ham amerikalik nazariyotchilar ilgari surgan. U qaysidir ma’noda yuqoridagi konsepsiyaning mantiqiy davomidir. Uning muhim jihati – Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish orqali Afg‘onistonning rivojlanishini ta’minlash va barqarorlik o‘rnatish.

Konsepsiyani amalga oshirish strategiyasi ikki bosqichga bo‘linadi. Birinchi bosqichda Markaziy Osiyoni Afg‘oniston orqali Hindiston va Pokiston bilan bog‘laydigan infrastruktura shakllantiriladi. Ikkinchi bosqich – Markaziy va Janubiy (Hindiston, Pokiston) o‘rtasida bojxona va chegara tizimini takomillashtirish orqali savdoni rivojlantirish, pirovardida umumiy bozorni shakllantirish.

Konsepsiyaga Amerika siyosiy doiralarida katta ishonch bildirilib, uni amaliyotga tadbiq qilishda hukumat miqyosida katta e’tibor qaratildi. Davlat kotibi Hillari Klinton 2011-yil oktabrda Kongressda so‘zlagan nutqida Yangi Ipak Yo‘liga to‘xtalib, bu nafaqat iqtisodiy reja, balki mintaqani birlashtirishga va rivojlantirishga qaratilgan jiddiy harakat ekanini tilga olgan edi.

Shu bilan birga, u Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha yordamchisi Robert Bleyk bilan 2011–2012-yillar mobaynida mintaqadagi davlat rahbarlari bilan bir nechta uchrashuvlar tashkil etib, tashabbusni muhokama qildi. Lekin umumiy bayonotlardan tashqari boshqa hech qanday ma’lumot oshkor etilmay, bu boradagi amaliy ishlarga to‘xtalishmadi.

Afg‘oniston mintaqa davlatlari bilan hamkorlikni mustahkamlashda savdo va umumiy bozorni shakllantirishga urg‘u berayotgan ekan, buning uchun mamlakatda avvalo temir yo‘l tizimini rivojlantirishga e’tibor qaratish muhim. O‘zbekiston tashabbusi bilan boshlangan Afg‘onistonda temir yo‘lni qurishni AQSh investorlarini jalb etish orqali qo‘llab-quvvatlashi lozim. Bugungi kunda transport kommunikatsiya tizimi va logistika rivojlanish ko‘rsatkichlari bo‘yicha 150 davlat ichida Afg‘oniston 146-o‘rinda.

Ikkinchidan, mintaqa AQShdan kutayotgan natija Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish, ekstremizm va terrorizmni butunlay tugatish edi. Chunki bu omillar mintaqa Afg‘oniston bilan yaqinlashishiga to‘siq bo‘lib kelgan. Mintaqa davlatlari o‘zaro yaqinlashishi bu tahdidlar ularga ko‘chib o‘tishiga olib kelardi. Shu nuqtai nazardan mintaqa davlatlari Afg‘oniston bilan munosabatga o‘ta ehtiyotkorlik bilan yondashadi.

Uchinchidan, ISAF (Xavfsizlikka ko‘maklashuvchi xalqaro kuchlar) harbiy kontingenti Afg‘onistondan olib chiqilgandan keyin Afg‘oniston qanday holatga tushishi ham katta so‘roq ostida turibdi. Keyingi vaqtda mintaqa davlatlari haqli ravishda o‘z xavfsizligini ta’minlash maqsadida Afg‘oniston bilan chegaralarni mustahkamlashga intilmoqda. Bunday vaziyatdan Rossiya foydalanishga intilib, xavfsizlik borasida yordam taklif qilmoqda.

Bundan tashqari, mintaqa davlatlari Afg‘onistonda ishlab chiqarish, xususan, sanoatni rivojlantirish orqali energiya resurslarini Pokiston va Hindistonga yetkazishdan manfaatdor. Chunki bu, avvalo, ishsizlik kamayishi va narkobiznes qisqarishiga imkon berardi. AQSh shu loyihani amaliyotga tatbiq etishda tashabbus ko‘rsatishi ko‘proq ahamiyatli edi.

Mintaqa davlatlari Afg‘oniston muammosini hal qilishda AQShni qo‘llab-quvvatlashini bildirib, bu borada hamkorlik qildi. Bu orqali G‘arb investitsiyalari yoki moliyaviy ko‘magi kuchayishiga umid qilingan edi. Afsuski, bu amalga oshmadi. Birgina misol. AQShning Tayvanga yordami kishi boshiga 333 dollarni tashkil etgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich Afg‘oniston uchun 147 dollarni, mintaqa uchun esa 0,5 dollarni tashkil etdi.

AQSh Afg‘oniston muammosini harbiy yo‘l bilan hal etib bo‘lmasligini, buning uchun iqtisodiy-ijtimoiy muammolar bartaraf etilishi lozimligini anglab yetdi. Ammo bu muammolarni faqat mintaqa salohiyati, imkoniyati orqali yechishga intilishi maqsadga muvofiq emas. Bu borada AQSh o‘z imkoniyatlaridan foydalanib, xalqaro biznes doiralarini jalb qilishi muhim. Ular Afg‘oniston bozoriga ixtisoslashgan ishlab chiqarishni shakllantirish uchun mintaqaga investitsiya kiritishi mumkin. Birinchidan, ular kiritgan sarmoya qaytarilishi mintaqa davlatlari tomonidan kafolatlanadi. Ikkinchidan, AQSh manfaatlariga xizmat qiladigan Afg‘oniston bozorini Xitoy yoki Eron egallashining oldi olinadi.

Yangi Buyuk Ipak Yo‘li yoki Katta Markaziy Osiyo konsepsiyalarining amalda samara berishi uchun AQSh mintaqaga Marshal rejasiga o‘xshagan moliyaviy asosga ega loyihani ishlab chiqishi maqsadga muvofiq bo‘lardi. Bunday loyiha AQSh va mintaqa manfaatlarini uyg‘unlashuviga xizmat qiladi.

Mintaqada Xitoy va Rossiyaning mavqei oshishidan AQSh, tabiiyki, manfaatdor emas. Shundan kelib chiqib, Xitoy yoki Rossiya yetakchiligidagi har qanday integratsion loyihani AQSh qo‘llab-quvvatlamaydi.

AQSh mintaqada Xitoy ta’siri kuchayishining oldini olishga intilsa, Rossiyaga mintaqaning bog‘liqligini qisqartirishga intiladi. Shu nuqtai nazardan mintaqada Xitoy tashabbusi bilan shakllantirilgan ShHT AQSh ma’murlari tomonidan qo‘llab-quvvatlanmadi. Yoki mintaqani Rossiyaga bog‘laydigan kommunikatsiya tizimiga muqobil kommunikatsiya tizimlari AQSh tomonidan qo‘llab-quvvatlanishini qayd etish mumkin.

Bu borada AQSh tomonidan S5+1 formati ilgari surildi. Bunday tadbirlar an’anaviy tarzda hozirgacha o‘tkazib kelinmoqda. Ammo har qanday mintaqaviy integratsion jarayonlarga tashqi kuchlarning aralashuvi kutilgan natija bermaydi. Chunki integratsion jarayondan asosiy maqsad tashqi kuchlarga qarshi birlashish hisbolanadi. Bundan tashqari, tashqi kuch ta’siridagi integratsion jarayonga nisbatan Xitoy va Rossiya ham adekvat javob qaytaradiki, bundan mintaqa manfaatdor emas.

AQSh o‘zining xalqaro maydondagi ta’siridan foydalanib, manfaatlariga zid ish tutgan davlatlarga nisbatan sanksiyalar qo‘llash siyosatini mohirona amalga oshirib kelmoqda. Eron ham o‘zining yadroviy dasturi orqali ana shunday iqtisodiy cheklovlarga duchor bo‘ldi. AQSh yuqoridagi cheklovlar ta’sirini yanada oshirish maqsadida Eronni mintaqaga ta’sirini kamaytirishga harakat qilmoqda. Bu mamlakat mintaqa bilan chegaradosh, shu bilan birga, tili yaqin. Umumiy tarix va din ularni birlashtirib turadi. Bugungi kun uchun eng muhimi – Eron orqali mintaqa davlatlari yaqin dengiz yo‘llariga chiqishi mumkin. Lekin Eron yadroviy loyihasi oqibatida unga nisbatan iqtisodiy choralar ko‘rilishi loyihalarni ortga surib yubordi. Masalan, yuqorida qayd etilgan Yangi Ipak Yo‘li loyihasiga Eron kiritilmagan. Vaholanki, Tehronning Kobul bilan savdo aylanmasi 1,5 milliard dollarni tashkil etadi.

AQSh mintaqa energiya resurslarini Hindiston va Pokistonga, shuningdek, Rossiyani cheklab o‘tib, Yevropaga sotish tarafdori. Mintaqa ham energiya resurslari muqobil bozorini shakllantirishdan manfaatdor. Bu loyihalar juda serxarajat. Ularni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha AQSh tomonidan yetarli amaliy sa’y-harakat qilingani yo‘q.

AQSh kompaniyalari – Exxon Mobil Corporation, Chevron, ConocoPhillips, Halliburton, TXOGA mintaqada neftni qayta ishlashi, gaz qazib olishda faoliyat yuritishini mintaqa manfaatlari jihatdan ijobiy baholash mumkin. Bu kompaniyalar energiya resurslarini yetkazuvchi yangi loyihalarni qurishda jonbozlik ko‘rsatish uchun yetarli sarmoyaga ega. Bu borada AQSh hukumatining kompaniyalarga ta’siridan mintaqa manfaatdor. Qolaversa, istiqbolda aynan shu ustivor sohalar mintaqani birlashtiruvchi asosiy omil bo‘lishi mumkin.

Donald Tramp boshchiligidagi AQSh hukumati mintaqa bilan aloqalarni rivojlantirish borasida yuqoridagi yo‘nalishlarda siyosatni davom ettirmoqda. AQSh prezidenti mintaqa davlat rahbarlari bilan bir necha bor uchrashdi (O‘zbekiston prezidenti bilan – uch marta). Rasmiy tashrif amalga oshirildi. Qozog‘iston biznes doiralari bilan Tramp tadbirkor sifatida ancha yil hamkorlik qilib kelgan. Umuman, AQSh prezidenti mintaqa bilan hamkorlikni rivojlantish tarafdori ekanini bir necha bor qayd etgan bo‘lsa-da, u ilgari surayotgan “Avvalo AQSh” siyosati mintaqa bilan bog‘liq yangi konsepsiyalar ishlab chiqilishini ortga surmoqda.

Xulosa

1. O‘zbek diplomatiyasi mintaqa davlatlari bilan hamkorlikda Afg‘oniston bozorini egallash borasida AQSh bilan muzokaralarni kuchaytirishi va AQSh kompaniyalarini sarmoyalarini bu yo‘nalishga jalb qilishi maqsadga muvofiq;

2. AQSh bilan mintaqada ta’lim sohasida hamkorlikni kuchaytirish samarali. Afg‘oniston yoshlari mintaqada ta’lim olishiga urg‘u berish muhim. Bu borada O‘zbekiston va Qozog‘iston tashabbus ko‘rsatmoqda. Shundan foydalanib, AQShni mintaqada, ayniqsa O‘zbekistonda mashhur oliy o‘quv yurtlarining filiallarini ochish maqsadga muvofiq;

3. Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatishda mintaqa davlatlari AQSh bilan hamkorlikda yumshoq kuch (soft power) siyosatini samarali qo‘llashi maqsadga muvofiq.

Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, AQSh va mintaqa manfaatlari uyg‘unlashgan va to‘qnashgan nuqtalar ham ko‘p. Ilm ahlining vazifasi ana shu nuqtalarni chuqur o‘rganib, amaliy tavsiyalarni ishlab chiqishdir.

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin.