Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug Buxoro garnizoniga qarashli harbiy qismda qo‘shinlarning jangovar tayyorgarligini har tomonlama tekshirish maqsadida o‘quv mashg‘ulotlari to‘satdan berilgan “Trevoga” signali asosida boshlandi, bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti “Daryo”ga ma’lum qildi.
Harbiy qism yuqori jangovar shaylikka keltirildi, barcha shaxsiy tarkib o‘ziga belgilangan joylar bo‘yicha qo‘riqlovni tashkil qildi.
Ta’kidlash joizki, bo‘linmalarda o‘tkazib kelinayotgan bu kabi tekshiruvlarda harbiy xizmatchilarning jangovar tayyorgarligiga har tomonlama baho berilmoqda. Mashg‘ulotlarning birinchi kuni harbiy qism shaxsiy tarkibining “Trevoga” signali asosida harakatlanishi, qo‘riqlashni kuchaytirilgan tizimga o‘tkazish amaliyotlari sinovdan o‘tkazildi.
Saf ko‘rigi orqali esa shartnoma bo‘yicha harbiy xizmatchilar, serjantlar va ofitserlar tarkibining hujjatlari, safar xaltasi, qurol-aslaha va anjomlari tekshirildi. Bir so‘z bilan aytganda Buxoro garnizoniga qarashli harbiy qismda olib borilayotgan o‘quv mashg‘ulotlari yurt posbonlarining jangovar tayyorgarligini har tomonlama oshirish, komandirlik boshqaruvi va favqulodda holatlarda harbiy xizmatchilarning to‘g‘ri va aniq harakatlanish ko‘nikmalarini shakllantirishdan iborat.
Ayni paytda mashg‘ulotlar dala-o‘quv maydonida davom etmoqda.
Izoh (0)