Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev Marokash Podshohligining yangi tayinlangan elchisi Muhammad Odil Embarsh bilan o‘zaro muloqot davomida oliy martabali mehmonga Toshkent, poytaxtdagi o‘zgarish va yangilanishlar, mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar borasida ma’lumot berdi, bu haqda Toshkent shahar hokimligi rasmiy veb-sayti xabar qiladi.
Marokash elchisi Toshkentdagi muhit, yangilanishlardan ta’sirlanganligini, poytaxtda tarixiy maskanlarni asrash qatori zamonaviy infratuzilmani rivojlantirish ishlari jadal olib borilayotganiga guvoh bo‘lganligini bildirdi. Shahardagi obodlik, ko‘kalamzorlashtirish yo‘nalishidagi ishlarni alohida e’tirof etdi.
Marokash ahli O‘zbekiston va Toshkent haqida tarixchi va sayohatchi Ibn Batutaning asarlari orqali ma’lumotga egaligi, imkoni bo‘lsa Toshkentda o‘sha asarlar ta’sirida yaratilgan tasviriy san’at ishlari ko‘rgazmasini o‘tkazishni taklif etdi.
Toshkent shahar hokimi hozirda hokimlik tomonidan “Etno shahar” loyihasi tayyorlanayotgani, agar Marokash tomonida ham qiziqish bo‘lsa, bu yerda ular uchun alohida hudud ajratilishi, hatto Ibn Batuta nomida ko‘cha tashkil etilishi mumkinligini aytib o‘tdi.
Elchi Muhammad Odil Embarsh bu taklifni qo‘llab-quvvatladi va Toshkent delegatsiyasini Marokashga taklif etdi.
O‘zaro muloqot davomida hamkorlikka oid boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi.
Izoh (0)