“Qibray avto-moto servis’’ MChJ sotgan avtomobil mavjud texnik nosozlik tufayli yonib ketdi.

Foto: Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi

O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining Toshkent viloyati Chirchiq shahri mutasaddilariga navbatdagi ariza kelib tushdi.

Chirchiq shahrida yashovchi I.M. 2017-yil 9-noyabr kuni Toshkent viloyati Qibray tumanida joylashgan “Qibray avto-moto servis’’ MChJdan O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan Cobalt avtomobili uchun 83 865 970 so‘m to‘lov qiladi. 2017-yil 26-dekabrda avtomobil shartnomaga muvofiq iste’molchiga topshiriladi.

Arizachi I.M.ning murojaatida qayd etilishicha, shundan so‘ng turmush o‘rtog‘i boshqaruvida bo‘lgan avtomobil bor yo‘g‘i 2199 km yurgan xolos. Turmush o‘rtog‘i xorijga ishlash uchun ketganidan so‘ng oila a’zolarining birortasida haydovchilik guvohnomasi bo‘lmagani sababli avtomashina boshqa harakatda bo‘lmagan. Faqatgina avtomashinaning akkumulyatori o‘tirib qolmasligi uchun vaqti-vaqti bilan mashina o‘n-o‘n besh daqiqa turgan joyida qizdirib turilgan.

Foto: Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi

2018-yil 22-sentabr kuni avtomashina turgan joyida yonib ketgan. Voqea joyiga yetib kelgan yong‘in xavfsizlik xizmatining xulosalari va ekspertiza xulosasining natijalariga ko‘ra, avtomobildagi mavjud elektr simlaridagi nosozlik tufayli yong‘in kelib chiqqan. Iste’molchi bu haqda “Qibray avto-moto servis’’ MChJga ma’lum qilgan, biroq jamiyat ma’muriyati nosoz avtomobil sotganligini tan olmagan.

Foto: Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi

O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining aralashuvi bilan masala qaytadan o‘rganib chiqildi. Natijada sud “Qibray avto-moto servis’’ MChJ nozoz avtomashina sotgani uchun iste’molchiga 97 497 380 miqdorida kompensatsiya hamda 3 899 896 so‘m davlat boji undirish haqida qaror chiqardi. Shu tariqa iste’molchining qonuniy manfaati himoya qilindi.