Davlat soliq qo‘mitasi avtomobil yoki har qanday texnika ishlab chiqaruvchilar o‘z xohishlari bilan narxlarni istagancha oshirmasliklari uchun import bo‘yicha bojlar ko‘rib chiqilishini ma’lum qildi. Iqtisodchilar ushbu xabarni sensatsiya demoqda. Bu haqda “Minbar” xabar berdi.
O‘zbekiston davlat soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Mubin Mirzayev jurnalistlar bilan uchrashuvda GM Uzbekistan kompaniyasi yillar davomida imtiyoz olganiga qaramasdan, bu avtomobilsozlik sohasini rivojlantirish uchun sharoit yaratishga yordam bermaganini ta’kidlagan.
U kompaniyalar uchun raqobat muhitini yaratish maqsadida import bo‘yicha bojlar qayta ko‘rib chiqilayotganini ma’lum qilgan.
Soliq va bojxona imtiyozlarini taqdim etish tartibi bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi Зrezident farmoni loyihasiga ko‘ra 1-oktabrdan O‘zbekistonda yengil avtomobil ishlab chiqarishda monopol korxona bo‘lgan GM Uzbekistan ham qo‘shimcha qiymat solig‘ini to‘laydi.
QQS bo‘yicha, jumladan, qishloq xo‘jaligi texnikasi, avtotransportlar, butlovchi qismlar, avtotransport ishlab chiqarishda foydalaniladigan materiallar va texnologik uskunalarga nisbatan bir qator imtiyozlarni bekor qilish rejalashtirilgan.
Mubin Mirzayev Andijonga tashrifi vaqtida mahalliy avtomobil ehtiyot qismlari ishlab chiqaruvchilari bilan uchrashganida import qilinayotgan ehtiyot qismlardan 2—3 barobar arzon turuvchi mahsulotlar mavjudligiga guvoh bo‘lgan.
Biroq unga ko‘ra, GM Uzbekistan mahalliy ishlab chiqaruvchilardan mahsulotlarni sotib olmayapti. Soliq qo‘mitasi mulozimi avtomobil zavodi hech kimga hisob bermasligini aytgan.
“Zavod import qiladi. Biz imtiyozlar berdik, biroq u ichki bozordan 2—3 barobar qimmatga import qilmoqda. Ertaga QQSni joriy etganimizdan so‘ng hujjat bo‘ladi, hisob-faktura bo‘ladi. Unda barcha import narxlari ko‘rsatilgan bo‘ladi. Hozir hech qanday hujjat yo‘q: qayerdan, kimdan, qanchaga? Hech kim tekshirmaydi. Chunki imtiyozlar bor. Soliqchiga bu kerak emas, chunki hatto tekshirgan taqdirda ham u: ‘Soliqlarni to‘lamasam, bu menga nima uchun kerak?’, – deb javob beradi”, – deya ta’kidlagan DSQ rahbari o‘rinbosari.
Izoh (0)