Bugun, 21-iyun kuni Samarqand viloyat hokimligida huquqni muhofaza qilish organlari viloyat bo‘limlari rahbariyati va sud raislari ishtirokida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida viloyat prokuraturasi Samarqand shahar hokimining sobiq o‘rinbosari Talant Esirgapov va bir qator mansabdor shaxslar ustidan jinoyat ishi ochilganligini ma’lum qildi.

Foto: “Daryo”

“Daryo” muxbirining ma’lum qilishicha, shahar hokimining sobiq o‘rinbosari Samarqand shahrida qurilish va yer berish masalalarini amalga oshirishda mansab soxtakorligini amalga oshirganligi aytilmoqda.

Viloyat prokuraturasi xodimining ma’lum qilishicha, Talant Esirgapov va bir qator mansabdor shaxslar ustidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 209-moddasi (Mansab soxtakorligi) bilan jinoyat ishi ochilgan.

Talant Esirgapov.

Foto: “Samarkand.iamo.de”

Eslatib o‘tamiz, Talant Esirgapov 2019-yilning fevral oyida o‘z arizasiga binoan ishdan bo‘shatilgandi.

Ma’lumot uchun, Samarqand viloyatining sobiq hokimi Turobjon Jo‘rayev qurilish ishlariga qaror chiqarib berish uchun pora olganlikda ayblanib, hibsga olingandi.

Turobjon Jo‘rayevning qo‘lga tushishi ortidan viloyat hokimligida ishlovchi mansabdor shaxslar — hokimning qurilish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari O‘tkir Abdullayev, qurilish ishlari bo‘yicha mutaxassis — Bahodir Xo‘jaqulov va viloyat hokimining yordamchisi — Botir Abdullayev ham mazkur jinoiy ishga aloqador sifatida qo‘lga olingandi.