“Bavariya” himoyachisi Mats Xummels “Borussiya Dortmund”ga qaytdi. Bu haqda myunxenliklarning rasmiy saytida xabar berildi.

Foto: Twitter

Myunxen klubi 30 yoshli futbolchining transferini tasdiqladi. Kicker’ning bergan xabariga ko‘ra, “Borussiya” o‘yinchi uchun bonuslarni qo‘shib hisoblaganda 38 million yevro to‘laydigan bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, Xummels 3 yil avval “Bavariya”ga “Borussiya”ning o‘zidan 35 million yevro evaziga kelib qo‘shilgandi.

Avvalroq futbolchining o‘zi dortmundliklar bilan 3 yillik shartnoma imzolashga kelishib olgandi. U yiliga 10 million yevro maosh oladi.

Ma’lumot uchun, Xummels “Borussiya”da 2008-yildan 2016-yilga qadar ham to‘p surgan. U Dortmund klubi tarkibida ikki bor Germaniya chempioniga aylangandi. Mamalakat Kubogida bir marta, Superkubokda esa ikki marotaba g‘oliblikni qo‘lga kiritgandi.

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @daryo_sport’ga obuna bo‘ling!