O‘zbek uzumi va gilosi endi Misr bozorlarida ham sotiladi. Bunga mamlakatning Qohiradagi elchixonasi ko‘magida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat o‘simlik karantini inspeksiyasi bilan Misr qishloq xo‘jaligi va melioratsiya vazirligining Markaziy o‘simlik karantini boshqarmasi o‘rtasidagi hamkorlik natijasida erishildi, bu haqda O‘zA xabar qiladi.
“O‘zbekiston zaminida yetishtirilgan uzum va gilos mahsulotlarini Misr bozoriga olib kirishga ruxsat berish bo‘yicha qaror qabul qilingani haqida sizni xabardor qilishdan mamnunmiz”, — deyiladi Misrning Markaziy o‘simlik karantini boshqarmasi rahbari Ahmad al-Attarning O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘simliklar karantini inspeksiyasi boshlig‘i Ibrohim Ergashevga yo‘llagan maktubida.
Ta’kidlash joiz, Misr Prezidentining 2018-yil sentabr oyida Toshkentga amalga oshirgan rasmiy tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlar va imzolangan hujjatlarning ijrosini ta’minlash bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqilgandi. Hujjatda O‘zbekistondan ho‘l, quritilgan va muzlatilgan meva va sabzavotlarni Misr bozoriga eksport qilish uchun karantin ruxsatnomasini olish bo‘yicha topshiriq belgilangan.
Izoh (0)