O‘zbekistonda axborot texnologiyalari va qishloq xo‘jaligi sohasidagi ishchilarga talab yuqoriligicha qolmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Mehnat va bandlik vazirligi rahbari Sherzod Kudbiyev ma’lum qildi, deb xabar bermoqda Sputnik.
“Ish beruvchilarimizda qanoat hosil qila olmaganlik sindromi mavjud. Bir tomondan 1,5 millionga yaqin, aniq qilib aytganda, 1 million 391 ming ishsizlarimiz bor, lekin shu bilan birga qariyb 150 mingga yaqin o‘rtacha oylik to‘lanadigan vakansiyalarga mutaxassis topa olmayapmiz”, — deydi vazir.
Kudbiyevning aytishicha, bu yerda gap yuqori malaka talab etiladigan mutaxassislar haqida emas, balki oddiy kasb egalari haqida bormoqda: ya’ni bugun O‘zbekistonda veterinar, traktorchi, mexanizator, svarshik, santexnik, tikuvchilar hamda IT-texnologiyalari sohasidagi kadrlarga ehtiyoj yuqori.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, 2019-yilda O‘zbekistonda WorldSkills International (kasbiy tayyorgarlik standartlari va ishchilar kasbiy mahoratini oshirish hamda ishchi kasblarni ommalashtirish bilan shug‘ullanadigan tashkilot) standartlari bo‘yicha rivojlanish mexanizmlari joriy etiladi, ayni vaqtda milliy kasbiy mahorat tizimi kiritilgan.
“Mamlakatdagi mehnat organlari qo‘lida zamonaviy kasbga o‘qitish mexanizmi hozir ham mavjud emas, endigina ushbu yo‘nalishda ishlar boshlab yuborilgan”, — deydi Kudbiyev.
“Agar ta’lim tizimi mehnat bozoriga ish beruvchilarni talablari asosida mutaxassislarni tayyorlab bermas ekan, u holda mehnat bozoridagi vaziyat tangligicha qolaveradi. Oqsoq ta’lim tizimi sifatsiz kadrlarni tayyorlayveradi, sifatsiz kadrlar esa ishsizlik muammosi demakdir”, — deya ta’kidlaydi Mehnat vazirligi rahbari.
Izoh (0)