Yil boshidan buyon 312 mingdan ortiq fuqaro xorijga chiqish pasportini oldi, 16,8 ming kishi esa doimiy Toshkent propiskasiga ega bo‘ldi, bu haqda O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar boshqarmasi matbuot anjumanida bergan ma’lumotiga tayanib “Gazeta.uz” xabar qiladi.
Xorijga chiqish pasporti joriy etilgan yanvar oyidan buyon 312,2 mingdan ortiq fuqaro ushbu pasportlarga ega bo‘ldi.
Toshkentda yangi yilning birinchi ish kunidan, bir hafta o‘tib esa barcha hududlar ma’muriy markazlarida xorijga chiqish pasportini rasmiylashtirish boshlandi. May oyida xorijga chiqish pasportini rasmiylashtirish uchun anketani to‘ldirish soddalashtirildi.
Bundan tashqari, joriy yilda Prezident Shavkat Mirziyoyevning to‘qqizta farmoni bilan 2072 nafar fuqaroligi bo‘lmagan shaxsga O‘zbekiston fuqaroligi berildi. 2016-yilning dekabrida fuqarolik taqdim etish to‘g‘risidagi murojaatlarni muntazam ko‘rib chiqish boshlandi, o‘shanda 179 kishi fuqarolikka qabul qilindi.
Yil boshidan buyon 16,8 ming kishi Toshkentda, 6411 kishi esa Toshkent viloyatida doimiy propiskaga ega bo‘ldi. ushbu muddat davomida Toshkentda 83,6 ming, Toshkent viloyatida esa 13,7 ming kishi vaqtinchalik propiskaga qo‘yildi.
O‘tgan 5 oy davomida O‘zbekistonda vaqtincha yashayotgan 7898 nafar chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning viza muddatlari uzaytirildi.
Izoh (0)