O‘zbekiston Maktabgacha ta’lim vazirligi 2019—2024-yillarda “Bolalarning erta yoshdan rivojlanishiga ko‘maklashish” keng ko‘lamli loyihasini amalga oshiradi. Moliyalashtirish Jahon bankining 73,85 million dollar miqdoridagi grant va kredit mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi. Bu haqda MTV “Daryo”ga xabar berdi.
“Bolalarning erta yoshdan rivojlanishiga ko‘maklashish” loyihasi kichik yoshdagi bolalarga qarash va o‘qitish xizmatlariga bo‘lgan teng huquqlikni ta’minlash hamda maktabgacha ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan.
Jahon banki tomonidan ajratilgan mablag‘lar quyidagi tartibda taqsimlanadi:
- Maktabgacha ta’lim sifatini oshirish uchun — 5,3 million dollar
- Sifatli ta’lim muhitini yaxshilash va uning ommabopligini ta’minlash uchun — 50,1 million dollar
- Xususiy sektor bilan sherikchilik uchun — 11,35 million dollar
- Ta’lim sifatini o‘lchash tizimini tashkil etish uchun — 5,9 million dollar
- Loyihani amalga oshirish xarajatlari — 1,2 million dollar
2019–2024-yillarda respublikaning maktabgacha ta’lim muassasalari ajratilgan mablag‘lar hisobidan tegishli uskunalar, mebel va o‘quv-uslubiy materiallar bilan ta’minlanadi.
Shuningdek, loyihaning mazkur tarkibiy qismi doirasida olis va borish qiyin bo‘lgan joylardagi bolalarning maktabgacha ta’lim olish muammosini hal etish imkonini beruvchi muqobil modellarni sinovdan o‘tkazish boshlanadi. Xususan, maktabgacha ta’lim mutaxassilari MTM mavjud bo‘lmagan hududlarda yashovchi 3–6 yoshdagi bolalar uchun erta o‘qitish dasturi bo‘yicha o‘yin guruhlarida haftasiga 3 marta 4 soatdan o‘yin mashg‘ulotlarini olib boradi. Dasturning boshlang‘ich ko‘rinishida o‘qitish o‘yin to‘plamlarini xarid qilish, ajratilgan xonani jihozlash va bolalar uchun tushliklar tashkil etish nazarda tutilgan.
Ota-onalarga bolaga qarash va o‘qitish ko‘nikmalarini o‘rgatish maqsadida xonadonlarga tashrif buyurish dasturining boshlang‘ich loyihasi amalga oshiriladi. Pedagog va hamshiralar 0 dan 3 yoshgacha bolalari bor oilalarga oyiga ikki marta tashrif buyuradilar, ota-onalar ishtirokida muolaja va mashg‘ulotlar o‘tkazadilar hamda uyda ta’lim olish uchun o‘yin to‘plamlari va rivojlantiruvchi materiallarni qoldiradi.
O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi mamlakatlar orasida ijtimoiy obligatsiyalar mexanizmini joriy etuvchi birinchi davlat bo‘ladi.
Bunday yondashuvda davlat-xususiy sherikchilik shartlari asosida tashkil etilgan MTMlarni moliyalashtirishda erishilgan ijtimoiy natijalarga bog‘liq bo‘ladi.
Ta’lim sifatini o‘lchash tizimini tashkil etish maktabgacha va umumiy o‘rta ta’lim sohalarini qamrab oladi. Umumiy ta’lim maktablaridagi ta’lim darajasi va sifatini mustaqil baholash qoshidagi Iqtisodiy hamkorlik va rivojlantirish Tashkiloti tomonidan o‘tkaziladi. Buni amalga oshirish uchun Xalq ta’limi vazirligi va Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan O‘zbekistonning ta’lim sohasidagi yutuqlarni baholash bo‘yicha xalqaro tadqiqotlarda (PISA) ishtirok etishi masalasi ishlab chiqildi.
Izoh (0)