Samarqand shahridagi Registon majmuasi Mirzo Ulug‘bek madrasasida “Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilishda zamonaviy axborot texnologiyalardan foydalanish” mavzusida ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi, bu haqda O‘zA xabar qiladi.
Samarqand davlat universiteti, YuNESKOning Markaziy Osiyo xalqaro tadqiqotlar instituti, Polshadagi Lyublin texnologiya universiteti hamda Registon majmuasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda asosiy e’tibor tarixiy-madaniy meros ob’ektlarini asrab-avvaylash, ularni o‘rganish masalalariga qaratildi. Mazkur o‘quv muassasalari olimlari, arxitektor va axborot texnologiyalari bo‘yicha mutaxassislar mavzu yuzasidan o‘z ma’ruzalarini taqdim etdi.
2018-yilning may—iyun oylarida Polshaning Lyublin politexnika universiteti olimlari Samarqand shahrida bo‘lib, madaniy meros obyektlarini asrab-avaylash, ularning tarixini o‘rganishda zamonaviy axborot texnologiyalarini qo‘llash masalalari bilan tanishgan edi.
“O‘shanda mehmonlar Sherdor madrasasi peshtoqidagi sher va kiyik kompozitsiyasini skaner qilib, ranglar mutanosibligi, detallarning hajmi va joylashuvini millimetrlab o‘lchagandi. Shu asosida mazkur obidalarni saqlash bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqildi, hamkorlikda ishlashga kelishib olindi. Bu kelishuv Registon ansambli va Lyublin politexnika universiteti o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolanishi bilan mustahkamlandi. Mazkur anjuman ana shu hamkorlik samarasidir”, — deydi Registon ansambli mustaqil dereksiyasi direktorining ilmiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Azamat Samadov.
Anjuman qatnashchilari O‘zbekistondagi me’moriy obidalar, tarixiy qadamjolarni ta’mirlash va restavratsiya qilishda buyuk ajdodlarning betakror ish uslubiga tayangan holda zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanish zarurligini ta’kidladi.
Tadbirda Polshaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Pyotr Ivashkevich ishtirok etdi.
Izoh (0)