Namangan muhandislik-texnologiya instituti rektori Odiljon Mamatkarimov boshchiligidagi institut delegatsiyasi nufuzli oliy ta’lim muassasalari bilan aloqa o‘rnatish, hamkorlikda ilmiy tadqiqot ishlarini amalga oshirish hamda malakali magistr va PhD doktorantlar tayyorlash maqsadida Xitoyda bo‘lib qaytdi. Bu haqda “Daryo”ga institut matbuot xizmati ma’lum qildi.

Foto: NamMTI matbuot xizmati

Safar davomida Xanjoudagi Zeyjiang fan va texnologiyalar universiteti, Shanxaydagi Dunxua universiteti hamda Xefei shahridagi Xitoy fan va texnologiyalar universiteti rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, ular bilan tegishli memorandumlar imzolandi.

Muzokaralar davomida Xitoy oliy ta’lim muassasalarida maqsadli doktorant (PhD) va magistrlar tayyorlash, professor-o‘qituvchilar malaka oshirishini yo‘lga qo‘yish, qo‘shma ilmiy tadqiqot va loyihalarni amalga oshirish, konferensiya va vork-shop tadbirlarida ishtirok etish, talabalar va yosh o‘qituvchilar uchun yozgi maktablar tashkil etish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Foto: NamMTI matbuot xizmati

Institutning 10 nafar professor-o‘qituvchisi va talabasi joriy yil sentabr oyida Xitoyda bo‘lib o‘tadigan xalqaro konferensiya hamda vork-shop tadbirida ishtirok etadigan bo‘ldi.

Delegatsiya Xitoydagi yetakchi oliy o‘quv yurtlarining ilmiy va o‘quv laboratoriyalari bilan tanishib, ularda dars jarayonlari tashkil etilishini yaqindan o‘rgandi. Shuningdek, Xefei shahridagi oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazildi.