Kogon shahrida yashagan Bayram Hodiyev (ismi-sharifi o‘zgartirilgan) muqaddam 6 marotaba firibgarlik jinoyati sodir etgani uchun sudlangan. Jumladan, oxirgi marotaba 2016-yil 4-oktyabrda firibgarlik uchun 4 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanib, 2018-yil 16-may kuni o‘talmay qolgan jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan edi. Bu haqda “Daryo”ga Jinoyat ishlari bo‘yicha Kogon shahar sudi raisi Zarif Sherov xabar berdi.
Hodiyev 2018-yil iyun oyidan avgust oyiga qadar bo‘lgan vaqt oralig‘ida fuqaro Nasiba Zohidovaga o‘zini DXXda yuqori lavozimda ishlab kelayotganligini aytib aldab, Buxoro tumani hududida namunaviy loyiha asosida qurilayotgan uy-joylardan olib berishni va’da qilgan va undan uy olib berish uchun 18 000 dollar olgan.
Ish holatlariga ko‘ra, jabrlanuvchi bu pullarni umr bo‘yicha o‘zi va akasi bilan birga uy sotib olish maqsadida jamlab kelgan.
Shundan so‘ng, B. Hodiyev fuqaro Dilshod Fozilovga pora evaziga Davlat xavfsizlik xizmati organlariga ishga joylashtirishni va’da qilgan.
Lekin B. Hodiyevning bu galgi firibgarligi oxiriga yetmadi. U 2018-yil 27-noyabr kuni soat 17:30 larda Kogon shahridagi “O‘ztemiryo‘l yo‘lovchi” AJning Buxoro filialiga qarashli avtoturargohda fuqaro D. Fozilovdan 15 000 000 so‘m pulni olayotgan vaqtida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida jinoyat ustida ashyoviy dalil bilan qo‘lga olingan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Kogon shahar sudining 2019-yil 26-martdagi hukmi bilan B. Hodiyevga Jinoyat kodeksi 25,168-modda 3-qismi “b” bandi, 168-modda 4-qismi “a” bandi va 28, 211-modda 2-qismi “a” bandi bilan jami 9 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanib, jazoni qattiq tartibli koloniyalarda o‘tash belgilandi.
Shu bilan birga, sudlanuvchi B. Hodiyevdan jabrlanuvchi N. Zohidova foydasiga 151 019 460 so‘m undirish belgilandi.
Izoh (0)