Endilikda xorijga chiqish biometrik pasportini olish uchun ish joyi yoki mahalla (ishsizlar uchun) tomonidan tasdiqlash talab etilmaydi. “O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish uchun anketa shaklini tasdiqlash haqida“gi Ichki ishlar vazirining buyrug‘i Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirilgan, deb yozadi “Xalq so‘zi”.
Buyruqqa ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish uchun anketa shakli 11 banddan iborat bo‘ladi va unda pasportni olish uchun ariza bergan fuqaro ish joyi yoki mahalladan (ishsizlar uchun) maxsus so‘rovni tasdiqlatishi shart bo‘lmaydi. Shu kunga qadar xorijga chiqish pasportini olish istagida bo‘lgan fuqarolar ish joyi yoki mahalladan so‘rovni tasdiqlatishi shart bo‘lib turibdi.
Anketada ariza beruvchining ism-sharifi, jinsi, tug‘ilgan yili, oyi, kuni va joyi, ilgari boshqa familiyada bo‘lgan-bo‘lmagani, telefon raqami, shaxsni tasdiqlovchi pasport ma’lumotlari, ish (o‘qish, xizmat) davrida davlat siriga taalluqli ma’lumotlar bilan tanishish uchun rasman ruxsatnomaning bor yoki yo‘qligi, mehnat daftarchasidan so‘nggi 5 yillikdagi ish faoliyati, harbiy xizmatga chaqirilishga majburiy emasligi va turmush o‘rtog‘i bo‘yicha ma’lumotlar so‘ralgan. Anketaning so‘nggi bandida anketadagi yolg‘on ma’lumotlarning mavjudligi pasport berilishining rad etilishiga sabab bo‘lishi eslatib o‘tilgan.
Bundan tashqari mazkur buyruqda 16 yoshga to‘lmagan bolalar uchun ham xorijga chiqish pasportini olishi bo‘yicha anketa namunasi taqdim etilgan.
Eslatib o‘tamiz, xorijga chiqish pasporti 2019-yilning 1-yanvaridan, ilgari amalda bo‘lib kelgan, ikki yil muddatga taqdim etilgan xorijga chiqishga ruxsat beruvchi stiker (OVIR) o‘rniga joriy etilgan. Xorijga chiqish pasporti 10 yil muddatga taqdim etiladi.
Buyruq loyihasi 25-mayga qadar muhokamada bo‘ladi.
Izoh (0)