Termizning “Do‘stlik” mahallasida yashovchi erkak shahar Majburiy ijro byurosida ishlovchi ayolga qo‘l ko‘targani uchun sud tomonidan jazolandi. Bu haqda MIB matbuot xizmati “Daryo”ga ma’lum qildi.
Fuqaro X.Sh. o‘z xonadoniga elektr simlarini noqonuniy ravishda ulab olib, hisoblagichsiz elektrdan foydalangan. MIB inspektori ushbu holat bo‘yicha dalolatnoma rasmiylashtirayotganida fuqaro inspektor ayolga qarshilik ko‘rsatib, unga tan jarohati yetkazgan.
Mazkur huquqbuzarlik holati jinoyat ishlari bo‘yicha Termiz shahar sudi tomonidan “Majnuntol” mahallasida sayyor ochiq sudda ko‘rib chiqildi. Sud X.Sh.ni Jinoyat Kodeksining 219-modasi (hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) 1-qismi bilan aybli deb topib, unga nisbatan ish haqining 10 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 1 yil muddatda axloq tuzatish ishlari jazosini tayinladi.
Avvalroq Jizzaxda bir fuqaro MIB xodimining boshiga tosh bilan urgani, boshqasi esa motoarra bilan tahdid qilgani haqida xabar berilgan edi.
Izoh (0)