Jizzax viloyati Zomin tumanida sayyohlar uchun yana bir qulaylik yaratildi. Hududdagi O‘riklisoy qishlog‘ida “Sof marvarid ummoni” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan 40 o‘rinli “Oqmaral” mehmonxonasi qurib foydalanishga topshirildi, bu haqda O‘zA xabar qiladi.
Ushbu mehmonxonani qurishda tadbirkorning 4 milliard so‘m o‘z va 3 milliard so‘m tijorat banki kredit mablag‘i sarflandi. Zamonaviy loyiha asosida qurilgan mehmonxonada 2—3 kishilik va oilaviy yashashga mo‘ljallangan xonalar bor.
Yangi mehmonxona ochilishi munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda tuman hokimligi, turistik tashkilotlar, jamoatchilik vakillari, mehmonlar ishtirok etdi.
“Mehmonxona xushmanzara tabiat qo‘ynida joylashgani menga manzur bo‘ldi. Bu yerdagi tabiatning go‘zal manzarasi, musaffo tog‘ havosi kishiga huzur bag‘ishlaydi. Mehmonxonada dam olib hordiq chiqarish uchun barcha qulayliklar yaratilibdi”, — deydi Qirg‘iziston Respublikasi Bishkek shahridan kelgan mehmon Jannat Shaynazarova.Mehmonxona ishga tushishi bilan 31 kishi ish bilan ta’minlandi.
Tumanda sayyohlarni qiziqtiradigan tarixiy-arxeologik, ekoturistik manzillar ko‘p. “Zomin” xalq bog‘i, “Zomin” qo‘riqxonasi ekoturizm ishqibozlari uchun qiziqarli manzillar hisoblanadi.
Tumandagi tog‘ o‘rmonlarda noyob o‘simliklar, hayvon va qush turlari mavjud. Hudud etnografiyasi va aholining o‘ziga xos urf-odat va an’analari ham hudud sayyohlik jozibadorligini oshiradi.
Izoh (0)