AQShning Arizona shtatidagi Keepers of the Wild qo‘riqxonasida bengal yo‘lbarsi park egasi Jonatan Kraftga hujum qildi, deb xabar bermoqda “Zakon.kz”.

Foto: Facebook / Keepers of the Wild

Voqea 22-aprel kuni sodir bo‘lgan. Qo‘riqxona xodimlari tez orada toshqin bo‘lishi haqida ogohlantirish olgan. Kraft bir necha hayvonlar, jumladan, Boui laqabli 11 yoshli yo‘lbarsning ham xavfsizligini ta’minlash maqsadida ularni xavsizroq joyga olib bormoqchi bo‘lgan.

Jonatan yo‘lbars maxsus g‘orga yashirinib olishi uchun qafasni ochgan vaqtda, yirtqich jonivor unga tashlangan.

“Hodisa bo‘yicha ayb o‘zimda. U haqda xavotir olib, xavfsizlik choralarini unutgan edim. Tutqunlikdagi jonivorning hayvonlik instinktlari arzimagan bir necha soniyada uyg‘onib ketishi mumkin. Bunday voqealar odamlarning aybi bilan sodir bo‘ladi”, — dedi Kraftning o‘zi.

Voqea joyiga yetib kelgan tibbiyot xodimlari Jonatanni Kingman shahridaggi kasalxonaga yetkazgan. Erkakning ikki joyi sinib, yana boshqa ko‘plab jarohatlar olgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, uning sog‘ayib ketishu uchun bir necha oy talab etiladi.

Yo‘lbars esa o‘zining qafasida — uning hayotiga hech narsa xavf solmayapti.