Jasur Umirov mast ahvolda 2018-yilning 18-noyabr kuni soat taxminan 3:00 da Captiva’sida tanishi H.Q.ning xonadoniga borib, uning darvozasiga bir necha marta mashinaning old qismi bilan urgan. “Kun.uz”ning yozishicha, qo‘shiqchi tanishining darvozasiga shikast yetkazgan, uni haqoratlab, qo‘lidagi pichoq bilan qo‘rqitgan.

Foto: VK

Jasur Umirovga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik, ya’ni jamoat joylarida uyatli so‘zlar bilan so‘kinish, fuqarolarga haqoratomuz shilqimlik qilish hamda jamoat tartibini va fuqarolarning osoyishtaligini buzuvchi shu kabi boshqa xatti-harakatlarda ifodalangan jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimaslik) bilan ochilgan sud ishi 24-aprel kuni Toshkent shahar Olmazor tuman ma’muriy sudi tomonidan ko‘rib chiqilgan.

Sudda xonanda aybiga to‘liq iqror bo‘lgan — rostdan ham yonida olib yuradigan pichog‘i bilan tanishini qo‘rqitib, haqoratlaganini tan olgan. Sabab sifatida o‘zi yoqtirgan Sh. ismli qizni unga turmushga berishmayotganini ko‘rsatgan. Lekin qilgan ishidan afsusdaligini bildirib, suddan yengillik so‘ragan. Sud Jasur Umirovni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi bo‘yicha aybdor deb topib, unga 15 sutkalik ma’muriy qamoq jazosini tayinlagan.

26-aprel kuni Toshkent shahar ma’muriy sudi xonandaning ishini ko‘rib chiqib, quyi instansiya sudining qarorini o‘zgarishsiz qoldirdi.