Sog‘liqni saqlash vazirligi Sanitariya-epidemiologiya bosh boshqarmasi raisi o‘rinbosari O‘zbekistonda bolalarni emlashni ota-onalarning 92 foizi qo‘llab-quvvatlashini e’lon qildi. Bu haqda Sputnik xabar berdi.
“Ayni damda O‘zbekistonda 92 foizi ota-onalar bolalarni emlash kerak deb hisoblaydi. Ota-onalarning qolgan 8 foizi vaksinalashga qarshi, ularning 2 foizi emlashga qarshi faol chiqishlar qilmoqda”, — deydi boshqarmasi raisi o‘rinbosari Dilorom Tursunova.
Tursunovaning aytishiga ko‘ra, o‘z vaqtida vaksinalashni o‘tkazmagan ota-onalar bolalarning kasalliklar oldida zaif bo‘lishiga sababchi bo‘lishi mumkin.
“Bolalarni himoya qilishning eng yaxshi usuli ularni milliy emlash kalendariga muvofiq vaksinatsiya qilishdir”, — deydi Sog‘liqni saqlash vazirligi vakili.
Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, bugungi kunda milliy emlash kalendariga 13 ta kasalliklarga qarshi ishlab chiqilgan 10 ta vaksinalar kiritilgan. Xususan, bolalarda oldini olish mumkin bo‘lgan eng ommaviy poliomiyelit, difteriya, ko‘kyo‘tal (koklyush), qizamiq (kor), qoqshol (stolbnyak) kasalliklariga qarshi vaksinalash 60 foizdan 99 foizgacha oshdi.
Shuningdek, Tursunova ushbu yilning oktabr oyida qiz bolalarni odam papillomasi virusiga qarshi vaksinatsiya qilish boshlanishini xabar qildi.
Aytish joizki, bugungi kunda O‘zbekistonda vaksinalar ishlab chiqarilmaydi. Barcha vaksinalar import qilinadi.
Izoh (0)