So‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda xususan, Facebook’da turli mavzular bo‘yicha bahs-munozaralar qizg‘in bormoqda. Ba’zi davlatlar tomonidan “Media kontent” darajasiga ko‘tarilgan Facebook ijtimoiy tarmog‘ida olib chiqilgan ba’zi mavzu va muammolar bugun hukumat darajasida hal etilayapti. Biroq, afsuski, ular orasida birovni yomonotliq qilish, atay qaysidir mavzuda fitna qo‘zg‘ovchi jamoa yoki yakka shaxslar ham bor. Ular xususida, O‘zbekiston musulmonlari idorasi fatvo bo‘limi mudiri Homidjon Ishmatbekovning bildirgan munosabati haqida O‘zA ma’lumot beradi.
“Diniy bag‘rikenglik, millatlararo totuvlik bu islom dinining shiori hisoblanadi. Muqaddas kitobimizda insonlar birgina ota-onadan paydo bo‘lgani ko‘p bora eslatiladi. Islom dini turli urug‘-aymoq, millat va elatlar bo‘lishiga qaramasdan insonlar bir-birlari bilan ahil-inoqlikda yashashni targ‘ib qiladi. Mana shuning o‘zi, dinimiz odamlarni bir ota farzandidek ahil-inoq bo‘lib yashashga chaqiradi. Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlar orqali odamlar orasida turli fitna fasodlar tarqatish, ig‘vo qo‘zg‘ash dinimiz qoralagan ishlardandir. Inson qisqa umri davomida yaxshilik qilib qolishga harakat qilishi kerak. Lekin, shu hayotini odamlarni o‘rtasida ig‘vo chiqarishga, kimlarnidir yomonotliq qilishga urinishini dinimizda og‘ir bir fitna deyiladi. Fitna-fasod qilish odam o‘ldirishdan ham og‘irroq gunohdir. Kishi odam o‘ldirsa ham bunchalik og‘ir gunoh qilmagan bo‘ladi. Fitna bilan u insonni jonini emas, ongini olyapti, zaharlayapti. Buni ketidan yana ham ko‘proq fitna-fasodlar kelib chiqishi tayin. Shunday ekan, fitna qilishdan tiyilish kerak”, — dedi Homidjon Ishmatbekov.
Izoh (0)