2-aprel kuni Buyuk Britaniyaning The Guardian gazetasida Toshkentdagi to‘satdan buzilishlar odamlarning qahrini keltirayotgani haqida material e’lon qilingan edi.

Foto: “Xabar.uz”

Telegram’dagi “Davletov” kanalining yozishicha, Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev The Guardian gazetasining mazkur maqolasiga javob berdi. The Guardian gazetasi hokimning javob xatini e’lon qildi.

“Toshkent shahri hokimi sifatida men sizning ‘Ogohlantirishsiz ko‘chirildi: Toshkentdagi to‘satdan buzilishlar odamlarning qahrini keltirmoqda’ maqolangizni ajablanish va ranjish tuyg‘ulari bilan o‘qidim.

Uylarda yashovchilar uylar buzilishi haqida ogohlantirilmagan, deb ishonch bilan ta’kidlashning o‘zi noto‘g‘ri. Ularning barchasi, ayrimlari esa ikki yil oldindan xabarnoma olgan.

Ikkinchidan, sizning jurnalistingiz Toshkent shahri hokimligi bilan bog‘lanmagan hamda javob berish huquqini taqdim etmagan. Buning oqibatida reportajda hech qanday tekshirilmagan yoki ochiq manbalardan tasdiqlanmagan ma’lumotlar, xususan, go‘yoki o‘n mingta odam ko‘chirilgani va yana 30 ming nafar aholining uylari buzilish xavfi ostida ekani to‘g‘risidagi xabarlar keltirilgan.

Toshkentda hech bir ko‘chmas mulk o‘z-o‘zidan buzilayotgani yo‘q. Turar-joylar og‘ir ahvolga kelib qolgan, eskirib qolgandagina bunday ishlar amalga oshirilmoqda. Ko‘p hollarda uylarning atrofidagi infratuzilma ham to‘liq rekonstruksiyaga muhtoj; ba’zida esa suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimi mavjud bo‘lmagan holatlar bilan to‘qnash kelyapmiz.

O‘zbekiston qonunchiligiga muvofiq, uylarda istiqomat qilayotganlarni to‘laqonli xabardor etmasdan hamda kompensatsiya to‘g‘risida o‘zaro kelishuvga erishmasdan inshootlar buzilishi mumkin emas. Bunday kelishuv bir nechta shaklda tuzilishi mumkin, jumladan, yangi turar-joy taqdim etish, ko‘chmas mulk obyektining to‘liq bozor qiymati bo‘yicha pulli kompensatsiya berish yoki shu ikki shaklni qo‘shib ishlatish. Shuningdek, ko‘chish vaqtida logistika masalalarida ko‘maklashilmoqda.

Biz shahrimiz aholisining turmushini yaxshilash hamda uy-joy fondimizning sifati va xavfsizligini oshirishga intilmoqdamiz. Uyi buzilayotgan barchaga yaxshilangan uy-joy taklif etilgan, hech qanday qonunlar buzilmadi.

Biz The Guardian gazetasi jurnalistlarini ajoyib shahrimiz haqida ko‘proq bilish uchun yana Toshkentga kelish va tegishli hokimiyat vakillari bilan uchrashishga taklif etamiz”, — deyiladi Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning javobida.