Tojikistonning Xatlon viloyatidagi Baljuvon tumanida “Ural” yuk mashinasi ishtirokida yuz bergan fojia oqibatida olti kishi halok bo‘lib, sakkiz kishi jarohat oldi, bu haqda Tuman administratsiyasining ma’lumotiga tayanib O‘zA xabar qiladi.
Hodisa 8-aprel kuni Doshmandi qishlog‘ida yuz bergan. Manbaning so‘zlariga qaraganda, jarohatlanganlar shifokorlar nazoratida kasalxonada davolanmoqda.
“Ularning ahvoli nihoyatda og‘ir. Ular turli darajada jarohat olgan. Kechagi tunda bemorlardan birini operatsiya qildik”, — deydi manba.
Avtohalokatning guvohi bo‘lgan aholining aytishicha, mashina balandlikka ko‘tarilayotgan bo‘lgan, haydovchi hodisaning oldini olish maqsadida yo‘lovchilardan mashinadan tushishni va piyoda borishni so‘radi. Bir nechta yo‘lovchi tushgan, biroq shunga qaramay avtomobil balandlikka ko‘tarila olmagan va pastga ag‘darilib ketgan.
“Pastga tushganlarning ayrimlarini mashina bosib ketdi”, — deydi guvohlardan biri.
Avtohalokatda jabrlanganlar orasida mahalliy ma’muriyatning moliya bo‘limi sobiq boshlig‘i Zarif Sa’diyev va uning o‘g‘li ham bor edi. Ularning har ikkisi og‘ir jarohat olgani bois shifoxonaga yotqizildi.
Aholi mana shu fojiadan so‘ng, hukumat Sarixosorgacha yo‘l qurish bilan shug‘ulanishga umid qilmoqda. Ularning so‘zlariga qaraganda, har yili mazkur yo‘lda yuz beradigan YTH oqibatida insonlar halok bo‘ladi.
Sarixosor jamoati – Baljuvandagi eng katta qishloqdir. Mahalliy yo‘llardan asosan “Ural” va “UAZ” mashinalari yuradi.
Izoh (0)