Orolbo‘yi mintaqasi uchun BMTning Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘psheriklik trast jamg‘armasi (IXKTJ) loyiha takliflarini qabul qilishni boshlandi. Bu haqda “Daryo”ga O‘zbekistondagi BMT vakilligi matbuot xizmati xabar berdi.
IXKTJ boshqaruv kengashining 2019-yil 24-yanvardagi qaroriga muvofiq, IXKTJning dasturiy strategiyasining quyidagi uchta yo‘nalishi loyiha takliflarini dastlabki qabul qilish uchun ustuvor yo‘nalishlar sifatida tanlab olindi:
- Ekologik xavfsizlikni ta’minlash (shu jumladan, o‘rmonlashtirish);
- Sog‘liqni saqlash sohasida xavfsizlikni ta’minlash;
- Ijtimoiy xavfsizlikni ta’minlash (shu jumladan, asosiy kommunal xizmatlardan, ijtimoiy himoya, suv ta’minoti, sanitariya va ta’lim sohalaridan foydalana olish imkoniyatini yaxshilash).
Takliflar 2019-yilning 29-mart kunidan 2019-yilning 29-aprel kunigacha (Toshkent vaqti bilan 18:00gacha) qabul qilinadi.
Arizaning to‘ldirilgan shakllari IXKTJning Texnik kotibiyati nomiga quyidagi elektron manzilga yuborilishi lozim (zarif.jumaev@one.un.org).
Loyiha taklifi andozasini quyidagi havola orqali yuklab olish mumkin (Loyiha taklifini tayyorlash bo‘yicha qo‘llanma va byudjet shakli). Budget template and Guidelince.
Ma’lumot uchun, 2018-yilning 27-noyabr kuni BMT Bosh Assambleyasining 73-sessiyasida Orolbo‘yi mintaqasi uchun BMTning Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘psheriklik trast jamg‘armasining taqdimoti o‘tkazilgan va rasmiy ravishda faoliyati boshlangan. IXKTJ inson xavfsizligi konsepsiyasiga asoslangan majmuaviy chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun xalqaro hamkorlikni rivojlantirish va donorlar hamjamiyati resurslarini safarbar etishning yagona noyob platformasi bo‘ladi hamda hukumatning Orol fojiasini hal qilish bo‘yicha Orolbo‘yi mintaqasida olib borayotgan sa’y harakatlarini to‘ldiradi.