21-mart kuni Navro‘z bayrami munosabati bilan Qurolli Kuchlar Markaziy ashula va raqs ansambli hamda Mudofaa vazirligi Markaziy harbiy orkestri tomonidan poytaxtning Xalqlar do‘stligi saroyi oldida konsert dasturi namoyish etildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Poytaxt aholisi va mehmonlarining talablariga binoan hamda aholiga bayramona kayfiyat ulash uchun Toshkent ko‘chalarida harbiy san’atkorlar tomonidan konsert dasturlari davom etadi.

Mudofaa vazirligi rahbariyatining Navro‘z – umumxalq bayramiga tuhfa sifatida bugun, 22-mart kuni Toshkent shahrining aholi dam olish va istirohat bog‘larida harbiy orkestrlar, Qurolli Kuchlar Markaziy ashula va raqs ansambli jamoalari hamda harbiy xizmatchilar tomonidan milliy liboslarda ko‘rgazmali chiqishlari va konsert dasturlari qo‘yiladi.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Soat 11:00 dan 13:00 gacha:

“Lokomotiv” bog‘i (Eko-bozor yonida) — O‘zbekiston Qurolli Kuchlari akademiyasi harbiy orkestri va kursantlarning ko‘rgazmali chiqishlari;

“Bobur” bog‘i — Chirchiq garnizoni harbiy orkestri hamda badiiy havaskorlik jamoasi, Toshkent harbiy okrugi harbiy xizmatchilarining ko‘rgazmali chiqishlari;

“G‘ofur G‘ulom” bog‘i — Mudofaa vazirligi Makaziy harbiy orkestri, Qurolli Kuchlar Markaziy ashula va raqs ansambli.

Soat 15:00 dan 18:00 gacha:

“Ashxobod” sayilgohi — Chirchiq garnizoni harbiy orkestri hamda badiiy havaskorlik jamoasi, Toshkent harbiy okrugi harbiy xizmatchilarining ko‘rgazmali chiqishlari;

“Anhor-Lokomotiv” sayilgohi — O‘zbekiston Qurolli Kuchlari akademiyasi harbiy orkestri va kursantlarining ko‘rgazmali chiqishlari;

“Mirzo Ulug‘bek” bog‘i — Mudofaa vazirligi Makaziy harbiy orkestri, Qurolli Kuchlar Markaziy ashula va raqs ansambli.