Qozog‘istonning Chimkent shahri hokimi Gabidulla Abdraximov o‘z yordamchilarini odamlarni u bilan muloqot qilishni taqiqlamaslikka chaqirdi, deya xabar beradi “Nur.kz”.
Bayram davomida viloyat hokimi o‘tovlar bo‘ylab aylanib chiqqan, yuzlab odamlar Abdraximov bilan suhbatlashishga tayyor bo‘lgan. Politsiya va hokim yordamchilari yo‘lak yaratgan. Buni ko‘rgan shahar hokimi Chimkentning aholisi va mehmonlari bilan hech qanday to‘siq yaratmaslikni talab qilgan.
“Nega yo‘lak yaratib, meni to‘syapsizlar? Bunday qilish kerak emas. Hammasi o‘z holicha qolsin. Hech kimni itarmang. Kimdir yonimga kelmoqchi bo‘lsa, unga to‘siq bo‘lmasligi kerak”, — deydi Abdraximov.
Hokim, shuningdek, xodimlariga ham xalqqa yaqin bo‘lishini aytgan.
“Nimadan qochyapsizlar? Odamlarni yo‘lini to‘smang. Kimdir kelib, biror narsa so‘ramoqchi bo‘lsa, so‘rasin”, — deydi Abdraximov.
Hokimning bu gaplaridan keyin yo‘lak tuzilmagan. Aholi hokimning oldiga kelib, tabriklab, birga suratga tushgan.
Izoh (0)