2019-yilning 22-mart kuni Shveysariyaning Jeneva shahrida BMTning Yevropa Iqtisodiy Komissiyasining barqaror rivojlanish bo‘yicha Mintaqaviy Forumi doirasida “Insonlar uchun hamkorlik: BMTning O‘zbekistondagi Orolbo‘yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘psheriklik trast fondi” mavzusidagi maxsus tadbir o‘tkaziladi. Bu haqda BMTning O‘zbeksitondagi doimiy koordinatori ofisi “Daryo”ga xabar qildi.
Tadbir BMT YeIK ko‘magida O‘zbekiston va BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori Ofisi tomonidan tashkillashtirilgan.
Tadbirda ishtirok etish uchun BMTning turli tuzilmalari, Jenevadagi BMTga a’zo davlatlarning doimiy vakillari, diplomatik korpus va Forumning boshqa ishtirokchilari taklif etilgan.Uchrashuv doirasida muhokama qilinadigan muhim mavzular sifatida O‘zbekiston rahbariyati tashabbusi va BMTning ko‘magida yaqinda tashkil etilgan O‘zbekistondagi Orolbo‘yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘psheriklik trast jamg‘armasining maqsad va vazifalari taqdimoti, uning dasturiy va amaliy faoliyati, hamda mazkur mavzuda hamkorlikni o‘rnatish va rivojlantirish muhokama qilinadi.
O‘tgan yilning 27-noyabr kuni BMTning Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tgan Bosh Assambleyasining 73- sessiyasida Trast jamg‘armasi faoliyati rasman boshlangan. Mazkur jamg‘arma BMTning jamoaviy moliyalashtirishning mexanizmlaridan biri bo‘lib, u butun jahondagi 50 dan ortiq mamlakatning ekologik, ijtimoiy-iqtisodiy va gumanitar muammolarni hal qilishda o‘zining samaradorligini namoyon etgan.Trast jamg‘armasi Orolbo‘yi hududida vaziyatni yaxshilashga yo‘naltirilgan xalqaro hamkorlikni rivojlantirish va donor hamjamiyatlarining mablag‘larini jalb etish bo‘yicha yagona platformani yaratishga mo‘ljallangan. Undan tashqari, Trast jamg‘armasi Orolbo‘yi mintaqasiga, uni barqaror rivojlanishini ta’minlash maqsadida, yangi bilimlar, innovatsion yechimlar va texnologiyalarni jalb qilishga ko‘maklashadi. Natijada u ekologik innovatsiyalar va texnologiyalarning o‘ziga xos “xab”i bo‘lishi mumkin.
2019-yilning 8-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan “Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida Orolbo‘yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p tomonlama sheriklik Trast jamg‘armasi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror tasdiqlangan, u Jamg‘armani samarali faoliyatini ta’minlash uchun qulay institutsional, huquqiy va moliyaviy muhitni yaratish bo‘yicha qator amaliy chora-tadbirlarni nazarda tutgan.
Hozirda O‘zbekiston Trast jamg‘armaga 6,5 million dollar miqdorida hissa qo‘shish haqida qaror qabul qilingan, uning 2 million dollari Trast jamg‘armasining Nyu-Yorkdagi hisob varaqasiga o‘tkazib bo‘lingan. 2019-yilning mart oyi oxirigacha Norvegiyadan qariyb 1,2 million dollar miqdoridagi birinchi trast olish kutilmoqda. Shuningdek, Yaponiya, Yevropa Ittifoqi, Turkiya, Birlashgan Arab Amirliklari va boshqa qator donor mamlakatlar Jamg‘armada ishtirok etishga qiziqish bildirmoqda.
Izoh (0)