Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Toshkent Axborot texnologiyalari universiteti va uning barcha filiallari, Toshkent shahridagi Inxa universiteti hamkorligida yangi loyihaga qo‘l urdi. Bu haqda “Daryo”ga “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi axborot xizmati xabar berdi.
Loyihada qiyin ahvoldagi oilalar vakillariga qisqa muddatli o‘quv kurslarida, bir hafta mobaynida axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda o‘z-o‘ziga tezkor yordam ko‘rsatish ko‘nikmalari o‘rgatib boriladi.
2019-yilning 12-mart kuni Xorazm viloyatida “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi Xorazm viloyat boshqarmasi hamda Toshkent Axborot texnologiyalari Urganch filiali bilan hamkorlikda og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan oilalar ayniqsa, yosh oilalarga axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va psixologiya bilimlarini o‘rgatish orqali o‘z-o‘ziga yordam ko‘rsatish savodxonligini oshirishga qaratilgan bir haftalik o‘quv kurslariga start berildi.
Xorazm viloyatida start berilgan ushbu loyiha mart-aprel oylari davomida Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Samarqand, Farg‘ona, Qashqadaryo viloyatlarida ham amalga oshirilishi mo‘ljallangan.
O‘quv kursida tizimli ravishda 15 nafardan oila vakillari bilim oladi, uni muvaffaqiyatli tamomlagan tinglovchilar sertifikat bilan taqdirlanadi. Bundan tashqari, kurs davomida faol ishtirok etib, o‘z bilim va ko‘nikmalarini yuqori darajada namoyon etgan bir nafar oila vakiliga Toshkent Axborot texnologiyalari universiteti yoki Toshkent shahridagi Inxa universitetida o‘qib, malakali mutaxassislar bo‘lib yetishishlari uchun 6 oylik “Kompyuter savodxonligi” kurslariga imtiyozli yo‘llanma beriladi.
Bu loyihani amalga oshirishdan maqsad o‘z hayotida turfa xil oilaviy muammolarga duch kelgan oila vakillariga zamonaviy kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish orqali bilimi va dunyoqarashini oshirish, axborot olish, ish izlash, pirovardida, o‘z-o‘ziga tezkor yordam ko‘rsata olish bilimlarini o‘rganish orqali o‘ziga bo‘lgan ishonchini mustahkamlab, hayotga teran nigoh bilan boqishga undashdir.
Ushbu o‘quv kursining ilk sinov loyihasi “Oila” markazi tashabbusi bilan Toshkent shahridagi Inxa universiteti hamkorligida o‘tgan yilning mart-iyul oylarida Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida muvaffaqiyatli amalga oshirilgan.
Izoh (0)